Bugun Chernobil fojiasiga 30 yil to'ldi. Atom elektr stansiyasidagi reaktorlardan birining portlashi oqibatida yuzlab odam o'lgan. Nurlanish natijasida esa fojiadan keyingi bir necha yil ichida yana minglab odamni saratondan nobud bo'ldi.
4-reaktor portlashidan 30 yil o'tib ham hududda radiatsiya miqdori xavfli darajada. Stansiyani ekspluatatsiyadan chiqarish ishlarida 7000 odam mehnat qilmoqda.
Ukraina Fanlar akademiyasi xodimi Vladimir Yegerovning aytishicha, agar xavfsizlik qoidalariga rioya qilinsa, katta nurlanishdan saqlansa bo'ladi.
"Bu yerda radiatsiya miqdori Kiyevdagidan bir oz ko'proq", - deydi u.
Fojia 1986-yil 26-aprelida sodir bo'ldi. Kuchli portlash 4-blok joylashgan sex tomini uchirib yubordi. Yuqori radiatsiyali qaynoq grafit bo'laklari atrofga sochildi, radioaktiv zarralar katta miqdorda havoga otildi.
Avariya bilan yuzlashgan o't o'chiruvchilarning 28 nafari nurlanishdan nobud bo'ldi. Qahramonlik ko'rsatgan bu insonlar sharafiga o'tgan hafta xotira marosimi o'tkazildi.
“Odamlar hayotdan ketishda davom etmoqda. Chuqur qayg'udamiz, mamlakatimiz, millatimiz qalbidagi katta yara bu”, - deydi Ukraina pravoslav cherkovi ruhoniysi Teodor Bubnyuk.
Fojiadan so'ng portlagan reaktor atrofida himoya sifatida shoshilinch ravishda betondan qurilgan sarkofag 30 yilga mo'ljallangan bo'lib, umri tugab bormoqda. Uning o'rniga yangisi, yanada mukammalrog'i qurilgan. Ikki milliard dollarlik qal'a olti yilda tayyor bo'ldi. Kelasi yili relslar yordamida reaktorning usti shu bilan yopiladi.
“Qal'a nafaqat radiatsiyadan himoya sifatida xizmat qiladi, balki nurlangan eski qurilmalarni, betonli sarkofagni olib tashlashga ham imkon beradi. Buning natijasida 100 yildan so'ng bu yerda yam-yashil o't yana o'sib chiqadi", - deydi Yegerov.
Ammo inson yana bir necha o'n ming yil u yerda yasholmaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ayrimlar eng xavfli hisoblangan 2600 kvadrat kilometrlik zonadan unumli foydalanishga chaqirmoqda.
Tabiatshunos Roman Zinchenko bu yerda yashil energiya ishlab chiqaruvchi stansiya qurishni taklif etadi.
“Zonani hayotga qaytarish nafaqat Ukraina, balki butun insoniyat uchun muhim. Bu yerda odamlar va tabiat yaralarini tuzatmoqda", - deydi u.