Buyuk ko'llar bo'yida joylashgan Chikago Illinois shtatidagi metropolis. Uch millionga yaqin aholisi bor. Yirik biznes va moliya markazi. Shuningdek, yetuk ta'lim dargohlari bilan tanilgan. Chikago global shaharlar ro'yxatida yettinchi o'rinni egallaydi. Chikago va uning atrofida yuzlab o'zbeklar yashaydi.
Chikago Amerika qanday davlat va xalq ekanini har jihatdan aks ettiruvchi shahar. Nyu-York va Los-Anjelesdan keyingi uchinchi yirik shahar. 1770-yillarda asos solingan unga. Michigan ko’li bo’yida emasmi, shamol tinmaydi bu yerda. “Shamollar shahri” deb bejiz atashmagan. Siyosiy hayot bu yerda bag’oyat qizg’in, burilishlarga boy. Chikago prezident Barak Obamaning shahri. Shaxsiy hovlisi shu yerda joylashgan.
Chikago Amerika qanday davlat va xalq ekanini har jihatdan aks ettiruvchi shahar. Nyu-York va Los-Anjelesdan keyingi uchinchi yirik shahar. 1770-yillarda asos solingan unga. Michigan ko’li bo’yida emasmi, shamol tinmaydi bu yerda. “Shamollar shahri” deb bejiz atashmagan. Siyosiy hayot bu yerda bag’oyat qizg’in, burilishlarga boy. Chikago prezident Barak Obamaning shahri. Shaxsiy hovlisi shu yerda joylashgan.
2007-2009 yillar orasida AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas’ul bo’lgan Evan Feygenbaum bugun Chikago Universiteti qoshidagi tadqiqot markazi rahbari. Sobiq diplomat nazarida Chikago bugungi Amerikaning ko’rki, haqiqatda global, faol shahar.
“Asli Nyu-Yorkdanman, Chikagoni kinolarda tomosha qilib katta bo’lganman",- deydi Feigenbaum.
"Chikago hamisha Nyu-York bilan raqobatda edi. Biz kinolarda tomosha qilgan jinoiy guruhlar yo’qolib ketgan. Bugun Chikago biznes, san’at va ta’lim markazi. Me’morchilik jihatdan u bilan tenglashish qiyin. Eng zamonaviy imoratlar shu yerda qurilmoqda. Xalqaro savdo va moliya bilan mashg’ul yirik dargohlar ham shu yerda”.
“Etnik jihatdan juda boy shahar. Do’konlarga kirsangiz, polyaklar, xitoylar, jamiki elat vakillari bilan savdolashasiz. Odamlarni bu yerga imkoniyat olib keladi. Turli soha vakillarini uchratasiz. Chikago yangi g’oyalar ro’yobga chiqadigan, sinov va tajribalar amalga oshadigan shahar. Men masalan sobiq Moliya vazirimiz Genri Polson asos solgan yangi institutni boshqaraman. Yosh, lekin ulkan maqsadlarga ega maskan. Odamlar bu yerda yangilik qilishdan qo’rqmaydi. Ko’pchilik Amerika deganda Atlantika va Tinch okeani bo’yida joylashgan azim shaharlar haqida o’ylaydi. Chikago AQShning geografik jihatdan markaziy qismida balki davlatimizning ijtimoiy-iqtisodiy yuragi desak xato bo’lmaydi. Bu yerga kelganlar har qanday sharoitga moslashib ketadigan, mehnatkash va umidga to’la odamlar”,- deydi Feigenbaum.
Raqobatbardosh bu shaharni shahar qilganlar orasida ko’plab o’zbeklar ham bor. Chikagoning kuchli shamoliga bardosh berib, bu yerdagi noyob imkoniyatlardan foydalalanib, oyoqqa turgan, yangi vatani va olisda qolgan ona yurti uchun birdek qayg’urib kelayotgan, el orasida hurmat qozongan shaxslardan biri bu Hoji Sirojiddin Nasafiydir.
Otaxon Amerikaga 42 yil oldin talaba sifatida kelgan. Afg’onistonlik o’zbeklardan. O’qishni bitirib notinch vatanga qayta olmagan. Chikagoda oyoqqa turishga ahd qilgan. Bu esa oson bo’lmagan.
“Oilamni, bolalarimni bu yerga olib keldim. Afg’onistondagi vaziyat yomolashsa yomonlashdiki, yaxshilanmadi”,- deydi hoji.
Sirojiddin Nasafiy uchun asl vatan bu O’zbekiston. Ajdodlarining kindik qoni to’kilgan zamin. Amerikaning tuzi-nonidan minnatdorman, deydi u, lekin yurak u yerda.
“O’zbekiston mustaqil bo’ldi. Vatanimiz mustaqil bo’lganiga shukur qilamiz. Vatandoshlarimiz dunyoning turli taraflariga chiqa boshladi. O’qish, ishlash, oilalariga yordam berish uchun. Amerikaga kelganlarning ham niyati shu. Chikago va uning atrofida 400 dan oshiq kishi bo’lsa kerak”.
Mana shu tobora kattalashib borayotgan jamoa birdam bo’lsin deb Sirojiddin Nasafiy boshchiligida 2009-yilda Chikagoda O’zbek Amerika jamiyatiga asos solindi.
“Doimo mening fikrim shu ediki, bir-birimizni bilaylik, taniylik, xabarlashib turaylik. Yaxshi va yomon kunlarda bir-birimizni quvvatlaylik, bir-birimizga yordam beraylik”,- deydi u.
Hayitlar, to’y-maraka, Navro’z, Mustaqillik kuni… Ayyom va sabab borki, jamoa birga. Muhojirlar bir-birining dardini tushunadi, deydi hoji. Xotin-qizlar bir-birini tanishi, bolalar birga katta bo’lishi, va eng muhimi o’zbek tili va madaniyatini unutmasligi uchun bunday jamiyatlar juda muhim, deydi otaxon.
Your browser doesn’t support HTML5
O’zga yurtga kelib ildiz otish, yangi hayot boshlash, ilmli-ishli bo’lish, oila qurib farzand katta qilish – nozik, murakkab masalalar. O’zbek-Amerika jamiyati bu borada muhojirlarga madad ko’rsatadi.
“Maqsad shu… Yangi kelganlarga, qayerdan bo’lmasin, yordam berish. Bir telefon qilishning o’zi kifoya. Joy topish, ish topish, yo’lini topib ketishda ko’maklashishga hozirmiz”,- deydi Sirojiddin Nasafiy.
Amerikada yashash, ishlash yoki o’qish umidida yurganlar talay. Sirojiddin Nasafiy har bir yurtning o’z toshu-tarozisi bor deydi. Amerika jannat emas, lekin zahmatkash inson kam bo’lmaydi, deydi.
“Faqat bizning o’zbeklar emas, boshqa elatlar ham o’ylaydiki, Amerikaga bir amallab yetib olsam, hammayoq pulga to’la deb. Bunday emas. Bu yerga kelib zahmat chekmasangiz bo’lmaydi. Ollohi taolo aytganidek, sandan harakat Mandan barakat. Ishlash kerak. Amerika – imkoniyatlar mamlakati. Bu to’g’ri. Ishlayman degan odamga ish topiladi. Kichikroq ishlar topilishi mumkin. 1-2 yil mayda ishlar qilib yurib asta oyoqqa turasiz. Hammasi o’zingizga bog’liq. Hech kim bu yerda och qolmaydi. Mening maslahatim shuki, birinchi navbatda bu yerga kelib o’qing. O’zbekistondan kelayotganlarning taqriban 95 foizi o’qigan odamlar. Lekin bu yerga kelib, til o’rganishi, muhitga moslashishi, bu yerda ham bir narsani o’qib, sal ilinib olsa, ana undan keyin professional ish bo’ladi. Vatandoshlarga maslahatim shu”,- deydi hoji.
Mehr-oqibat chegara tanlamaydi deyishadi. Inson har yerda inson. Har bir jamiyatda o’ziga xos qadriyat va illatlar bor. Hoji Sirojiddin, uch farzandning otasi, bir necha nabiraning bobosi, Amerika hayotini tushunib, haqiqatni tan olish kerak, deydi.
“Bu yerda hamma narsa topiladi. Pul, iqtisod nuqtai-nazardan muammo bo’lmasligi mumkin, ishlagan odamga. Ammo yoshingiz o’tib, qarisangiz qiyinchiliklar bo’ladi. Farzandlar, yaqinlaringiz o’zi bilan o’zi ovora bo’lib qoladi. O’z tirikchiligi bilan band. Yana bir masala bu bolalar tilni unutadi. 2-3 hatto 4-naslgacha ham tilni saqlash imkoni bor. Lekin bolalarga bosim o’tkazib, ularni o’zbek tilida gaplashishga majbur qila olmaysiz. Jamiyatimizning maqsadi shuki, dinimiz, tilimiz, madaniyatimiz qo’ldan ketmasin”.
Sirojiddin Nasafiy boshliq tashkilot mana shu masalalarda oilalarga yordam berishga harakat qilmoqda.
Vaqt bu pul deb yashaydigan Amerikada esa o’zbeklarni ham bir joyga yig’ish oson emas. Yoshu-qari yaqinda Illinois shtatining bir so’lim maskanida yozgi saylga to’plandi.