Shanxay guruhi katta harbiy mashqlarni yakunladi

  • Amerika Ovozi

O’tgan hafta Xitoyda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar ishtirokida aksil-terror qo’shma harbiy mashqlar yakunlandi. O’zbekiston tashkilot a’zosi bo’lsa-da, odatda bunday mashg’ulotlarda qatnashmaydi.

“Tinchlik Missiyasi-2014” deya nomlangan harbiy amaliyotlar Shinjon-Uyg’ur mintaqasi notinch bo’lib turgan bir paytda o’tkazildi. Besh mamlakatdan yetti ming zobit qatnashdi.

Xitoy davlat matbuotiga ko’ra, asosiy maqsad muayyan davlatni bo’lib tashlash uchun xurujlar rejalagan va xorijdan yordam olayotgan terrorchi tashkilotlarni yo’q qilishni mashq qilishdir.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining bu safargi mashg’ulotlari hajmi va ko’lami bilan ahamiyatli. Unda tanklar, qiruvchi samolyotlar, erta ogohlantirish va havo mudofaa tizimlari va hatto dronlar jalb etilgan.

Harbiy tahlilchi Rafaello Pantuchchining qayd etishicha, Shanxay guruhi ta’sis etilgan ilk yillarda harbiy aloqalarga e’tibor katta edi, ammo so’nggi yillarda iqtisodiy va huquq-tartibot sohasidagi hamkorlik ko’proq ko’zga tashlanmoqda.

Masalan, Xitoy Markaziy Osiyoda savdo-sarmoyani oshirish uchun tashkilotdan keng foydalangan.

Yaqin-yaqingacha harbiy mashg’ulotlarni ayrimlar hazillashib “Rossiya uchun o’z qurol-aslahasini mijozlarga ko’rsatish uchun imkoniyat” deya ta’riflar edi. Hamkor davlatlar harbiylari bilan muloqotda esa Xitoy eng ko’p qiynalgan, chunki boshqa qatnashchilar bir-biri bilan rus tilida muomala qiladi, deydi Pantuchchi.

“Bugun vaziyat tamoman o’zgargan, Xitoy rus ofitserlari bilan yaqindan ishlaydi. Xitoy bu guruh ichida begona degan tasavvur yo’qolgan”, - deydi tahlilchi.

Qo’shma mashqlarga mezbonlik qilgan Pekin Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatini terrorizm va diniy ekstremizm o’chog’i deb biladi. Mashg’ulotlar boshlanay deb turganda Xitoyda terrorizm aybi bilan sakkiz kishi qatl etilgan. Shuningdek, o’tgan yili Tiananmen maydonida sodir etilgan hujumda gumon qilingan shaxsning surati ilk bor ommaga ko’rsatildi.

Kolumbiya universiteti professori Aleksandr Kulining aytishicha, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tuzilishi bilanoq Xitoy talabi bilan uning missiyasiga kiritilgan edi.

“Bu degani, xavfsizlik bobida hamkorlik boshidanoq belgilangan. Ammo Xitoy tashkilot faoliyati kengayishini istaydi. Xususan Markaziy Osiyoda o’z nufuzini oshirishda undan foydalanib keladi”, - deydi ekspert.

Guruh tuzilgan 2001-yilgacha Xitoyning Markaziy Osiyo bilan savdo aylanmasi bir milliard dollar atrofida edi, bugun esa 70 milliard dollardan oshiq.

Xitoy rasmiylarining ta’kidlashicha, Shanxay harbiy blok emas. Ammo AQSh Afg’onistondan qo’shinlarini olib chiqayotgan bir paytda tashkilotning harbiy sohada ko’zlayotgan maqsadlarini ko’zdan qochirmaslik kerak, deydi mutaxassislar.