Sammit oldidan Osiyoda vaziyat tarang

  • Amerika Ovozi

Xitoy qo'riqchi kemasi Janubiy Xitoy dengizida.

Noyabrda Xitoy Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi – APEK (APEC) tashkiloti sammitiga mezbonlik qiladi. Uchrashuvlar Pekin qo’shni davlatlar bilan hudud talashayotgan va o’z harakatlari bilan ayrim mamlakatlarni juda ranjitgan bir davrda bo’lib o’tadi. Savdo va iqtisodiy hamkorlikka bag’ishlangan so’zlashuvlardan oldin Xitoy qo’shnilar bilan orani ochiq qilib olishi kerak, deydi kuzatuvchilar.

Tahlilchilar fikricha, Yaponiya va Vyetnam bilan aloqalar - Pekin oldida turgan eng jiddiy muammo.

Hokimiyatga ikki yil avval kelgan bo’lsa-da, Yaponiya bosh vaziri hamon xitoylik hamkasbi bilan uchrashgani yo’q. Ayni vaqtda Xitoyning Vyetnam bilan aloqalari ancha sovuq. Bunga Janubiy Xitoy dengizida hududlar talashuvi sabab.

Gonkong shahar universitetidan siyosatshunos Jozef Chen deydiki, Xitoyning APEK sammitiga ilk bor mezbonlik qilishi ham muammo, ham imkoniyat deya ko’rilmoqda.

“Chunki mezbon sifatida Xitoy o’z pozitsiyasiga aniqlik kiritishi va uni targ’ib qilishi mumkin. Va, albatta, bu diplomatiya uchun imkoniyat yaratadi. Xitoy xalqaro hamjamiyatni va uchrashuv ishtirokchilarini tinchlikni ko’zlashiga ishontirishga harakat qiladi”.

Shu yil bahorda Xitoy dengizda, Vyetnam sohiliga yaqin joyda neft platformalarini o’rnatgani Xanoyning noroziligiga sabab bo’lgan edi. Ketidan Vyetnamda Xitoy bizneslari va ishchilariga qarshi namoyishlar bo’lib o’tdi. Kamida to’rt odam halok bo’ldi, yuzdan ziyod kishi yaralandi. Bir necha ming xitoylik ishchi zo’ravonliklardan keyin Vyetnamni tark etdi.

Siyosiy tahlilchi Jin Kanron Xitoyning Renmin universitetidan:

“Xitoy APEK sammiti chog’ida boshqa davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashga umid qilmoqda. Yaponiya, Filippin va Vyetnam kabi mamlakatlar bilan orasi tarang bo’lsa-da, Xitoy regiondagi aksariyat davlatlar bilan do’stona munosabatda”, - deydi mutaxassis.

Xabarlarga ko’ra, uchrashuv oldidan prezident Si Zinpin Yaponiyaga o’z vakillarini yubormoqchi. Maqsad – Tokio bilan munosabatlarni yaxshilash. Vakil Li Syaolin Xitoy sobiq rahbari Li Syannyanning qizi, prezident Si Zinpin ishonchini qozongan odam.

Shu oy boshida Yaponiya va Xitoy APEK sammiti davomida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvini o’tkazishga urinayotgani haqida xabar tarqalgan edi.

Gonkong universitetidan siyosatshunos Jozef Chen so’zlariga ko’ra, Xitoy anchadan beri yuqori darajadagi uchrashuvdan bosh tortib kelayotgan edi. Ammo Pekin Yaponiya bilan aloqa qilish zaruratini binoyiday tushunadi.

“Eng yuqori darajadagi muloqotni to’xtatib qo’yishning iloji yo’q. Ayni vaqtda ular bunday muloqot samarali bo’ladi, Yaponiya yon beradi, degan umidda, va shunga erishish niyatida qat’iy,” - deydi u.

Renmin universitetidan Jin Kanron esa Xitoy prezidenti Si Zinpin va Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe uchrashuvi ijobiy hol bo’ladi, ammo bunday uchrashuvsiz ham muvaffaqiyatga erishish mumkin, degan fikrda.

“Yaponiya bilan aloqalar yaxshilanmasa yoki ikki davlat rasmiylari uchrashmasa ham, bu boshqa muloqotlar sifatiga ta’sir qilmaydi,” – deydi tahlilchi.

U, shuningdek, uchrashuvda AQSh va Rossiya rahbarlarining qatnashishi muhim, deydi.

Pekin nafaqat Yaponiya, balki Vyetnam bilan ham kelishmoqchi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining shu oy ma’lum qilishicha, Vyetnam Xitoyga qarshi namoyishlar qurbonlari uchun tovon pulini to’lashni rejalamoqda. Xanoy, shuningdek, Xitoyga o’lganlar oila a’zolari bilan uchrashish uchun delegatsiya yuboradi.

Sal oldin Vyetnam rasmiysi Pekinga borgan edi. Kuzatuvchilar buni ikki davlat murosaga intilayotganidan darak, deya baholaydi.