Xitoy fransiyalik jurnalistni terrorizmni quvvatlayotganlikda ayblab, mamlakatdan haydamoqda. Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Ursula Gotye Xitoyda ishlashga ortiq loyiq emas.
Fransiyaning "L'Obs" jurnali muxbiri Gotye o'tgan oy Fransiyada ro'y bergan terror xurujlarini yoritgan. Xitoy bu voqeadan so'ng musulmon uyg'urlarga bosimni oshiryapti, deyiladi uning maqolasida.
Shundan so'ng muxbirga shart qo'yildi - agar u Xitoyda ishlamoqchi bo'lsa, maqolasini inkor etishi kerak. Ursula Gotye talabni rad etgan va shu bois bir hafta ichida Xitoyni tark etishi lozim.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi jurnalistning vizasi va akkreditatsiyasi yangilanmayotganidan afsus bildirdi.