Xitoy so'nggi paytlarda Gollivud ijodkorlarini tobora o'ziga jalb qilmoqda. Xitoylik sarmoyadorlar ham AQSh film sanoatiga e'tiborni oshirgan. Xitoyliklarning AQSh bozoriga kirib kelishidan xavotirlanayotganlar ham, madaniy aloqalarni olqishlayotganlar ham bor.
Kino sohasida Gollivud va Xitoy aloqalari chuqurlashmoqda.
"San'at bobida odamlar hamkorlik qilsa, buning nomoddiy tomonlari ham bor. Agar samarali bo'lsa, nafaqat yaxshi biznes, balki ikki davlat o'rtasidagi diplomatik yaqinlikka ham ega bo'lasiz", - deydi AQSh-Osiyo institutidan Kris Fenton.
Avgustda Fenton bir guruh amerikalik qonunchilar bilan Xitoyga bormoqchi. U yerda ular Xitoy media sanoati bilan tanishib, sarmoyadorlarni Gollivudga taklif qiladi.
"Bu bozorda ulush katta. Yetti milliard dollar atrofida. AQShda an'anaviy filmlar bozori deyarli tekis bo'lgan bir paytda Xitoy dunyoda birinchi raqamli bozorga aylanishi mumkin", - deydi Fenton.
Xitoy filmlar va media mahsulotlar orqali ham tashqi dunyoga o'z ta'sirini o'tkazish harakatida. Shuningdek, ular Gollivud bilan raqobatga kirishmoqchi.
Kinolar bo'yicha xitoyshunos ekspert Stenli Rozenning aytishicha, Xitoy sarmoyasining Gollivudga kirishidan xitoylik ijodkorlar manfaatdor.
"Ular ssenariy yozish, marketing va sotish bo'yicha ham ko'p narsalarni o'rganmoqchi. Sarmoya kiritish maqsadlaridan biri ham shu", - deydi u.
Xitoyliklarning Gollivudga ko'p pul tikayotganidan xavotirlanayotganlar ham bor. O'tgan yili Kongressning 16 a'zosi xitoyliklar Amerika media sanoatida propaganda materiallarini ko'paytirishga va senzuraga qo'l urayotgani haqida ogohlantirgan edi.
"Hozir jiddiy muammo ko'rmayapman. Chunki sarmoyalarning ko'pi bunday shartlar bilan kelmaydi. Gollivud studiyalari buni yaxshi tushunadi. Agar Xitoyga o'ta xayrixoh filmlar qilishadigan bo'lsa, e'tirozlar bo'lishini bilishadi", - deydi tahlilchi Rozen.
Filmlarda Xitoy ijobiy aks ettirilsa ham Pekinning keskin siyosati bunday ishlarning kutilgan samara berishini qiyinlashtiradi, deydi ekspert.
"Huquqshunoslarni, huquq faollarini qamash, Gonkong yoki Tailanddan odamlarni o'g'irlash... Bularning barchasi Xitoy obro'siga putur yetkazadi. Qancha pul sarflamang, Xitoyda nimadir ro'y bersa, bunga hukumat aloqador ekanini hamma biladi", - deydi Rozen.
Ammo sanoat darajasida Xitoy sarmoyadorlari yaxshiroq kino olish va marketing qilish bo'yicha Gollivuddan ko'p narsa o'rganmoqda. Gollivuddagilar ham hamkorlikdan mamnun.
"Biznesmen sifatida qarasangiz, qilinayotgan ishga o'ziga xos ijodjorlik bilan yondashasiz. Buni o'z-o'zini senzura qilish yoki yaxshi biznes deb atash mumkin", - deydi Fenton.
Gollivud uchun yaxshi biznes bu ko'proq daromad qilish, degandir.