Xitoyda yangi koronavirus tarqalgan Uxan shahrida ikkita yirik tibbiy markaz qurilmoqda. Virus tarqalishda davom etarkan, hukumat kasallarni ana shu yangi kasalxonalarda davolamoqchi. Shahardagi boshqa kasalxonalar bemorlar va virus yuqtirganlikdan shubhalanayotgan odamlar bilan to’lgan. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Xitoy sog’liqni saqlash tizimi jiddiy sinovdan o’tmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Xitoy davlat matbuoti inshootlarda qurilish qanday ketayotgani haqida har kuni xabar berib turibdi. Har bir kasalxona 1000 dan ortiq bemorlarga mo’ljallangan.
“Ishchilar surunkasiga ishlamoqda”, - deydi Xuoshenshan kasalxonasi quruvchilardan biri.
Yangi kasalxonalarda faqat koronavirusga yo’liqqan odamlar izolyatsiya qilinib, davolanadi.
Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti olimi Erik Toner qurilish sur’atidan hayratda.
“Xitoy qisqa vaqt ichida har qanday inshootni qura olishiga tan berish kerak. 2003-yilda SARS virusi tarqalganida ham shunday bo’lgan edi. Ming yotoqli markazni olti yoki yetti kunda qurib bitkazishgan edi”, - deydi Toner.
Pekin tevaragidagi o’sha markaz qurilishiga harbiylar yordam bergan. Davlat matbuotiga ko’ra, u yerda SARSga uchragan har yetti bemorning biri davolanib chiqqan edi va o’lim sur’ati boshqa tibbiy muassasalarga qaraganda ancha kam bo’lgan.
Rasmiylar yangi tibbiy markazlar ham o’sha loyihalar asosida qurilayotganini aytadi.
Garvard universitetida sog’liqni saqlash siyosati bo’yicha professor Vinni Yipning aytishicha, bunday muassasalar hozir havoday zarur.
“Aksariyat uchlamchi kasalxonalar, Xitoydagi yirik kasalxonalar bemorlar bilan to’lgan, epidemiya bo’lmagan davrda ham haddan ko’p. Hozir esa qo’shimcha yotoqlar kerak”, - deydi Yip.
Professorning aytishicha, Xitoy mahalliy profilaktik markazlar o’rniga, shaharlarda yirik kasalxonalar qurish bilan ovora bo’lgan.
“Uzoq muddatda Xitoy birlamchi tibbiy yordam tizimini hamda hozir kuzatilayotgani kabi keng ko’lamli kasallikning oldini olishga qaratilgan sog’liqni saqlash sistemasini kuchaytirishi kerak. Ammo hozircha bu tizim Xitoyda nisbatan zaif”, - deydi olim.
Yipning aytishicha, hukumat birlamchi tibbiy yordam tizimini yo’lga qo’yishga harakat qilmoqda.
“Koronavirusga chalinganlarni davolash uchun Xitoy harbiy tibbiy sistema shifokorlari va hamshiralarini safarbar etmoqda, chunki ularni mobilizatsiya qilish oson. Shuningdek, boshqa viloyatlar va shaharlar ham o’z shifokorlarini yo’llamoqda”, - deydi amerikalik mutaxassis.
Bu o’rtada shu hafta Uxanga qo’shni Xuangan shahrida bo’sh turgan imorat ikki kunda jihozlanib, koronavirusni yuqtirgan bemorlar uchun ming yotoqli tez yordam ko’rsatish markaziga aylantirildi.