Xitoy mehnat lageri tizimini isloh qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Xitoy mehnat lagerlaridan biri

Xitoyning yangi rahbarlari 1950-yillarda tashkil topgan mehnat lageri tizimini yil oxirigacha isloh qilishga va’da bermoqda. O’zgarishlar qanday bo’lishi haqida hozircha aniq ma’lumot yo’q.

Mehnat lagerlari Xitoyda “laotzyao” deb ataladi. Biror qonunbuzarlikda ayblanganlar sudsiz to’rt yilgacha u yerda saqlanishi mumkin. Xitoy hukumati buni “mehnat orqali tarbiyalash” deb ataydi.

Lyu Ji umrining bir yarim yilini shunday lagerda o’tkazgan. Har bir kun azob edi, deydi u.

“Lagerda og’ir ishlarni bajarar edik. Kuniga 14-16 soatlab ishlardik. Sizga buyurilgan ishni vaqtida tugata olmasangiz, qamoq muddati uzaytiriladi”, - deya eslaydi Lyu.

Laotzyao tizimi Kommunistik partiya tomonidan 1950-yillarda aksilinqilobchilarni jazolash maqsadida yaratilgan bo’lib, bugungi kunda 300 dan ortiq lagerda chamasi 200 ming odam saqlanadi. Ular orasida fohishalar, narkomanlar, diniy va siyosiy dissidentlar bor. Lyu Ji siyosiy va huquqiy islohotlarni talab qiluvchi petitsiyani imzolagani uchun “qayta tarbiya”ga yuborilgan.

Lagerda bayram uchun dekoratsiyalar, tish kovlagichlar tayyorlar edik, deydi u. Og’ir sharoitlar haqida shikoyat qilgach, qo’riqchilar uni stulga bog’lab qo’yishdi.

“Kechqurunlari meni kichik xonaga olib kirib, qattiq qiynashardi. Yetti kecha va kunduz meni azobga solishdi. O’liklar uchun belgilangan karavotga bog’lab qo’yishardi meni”, - deydi u.

Lyu kabi sobiq mahbuslar boshidan o’tganlar haqida jamoatchilikka ochiq so’zlay boshlar ekan, so’nggi yillarda mehnat lageri tizimini isloh qilish chaqiriqlari kuchaya bordi. Yunnan viloyatida hozirda lagerlarda faqat nashavandlar saqlanadi.

Xitoy hukumati ichki xavfsizlik uchun yiliga 100 milliard dollardan ko’p pul sarflaydi. Mehnat lagerlari rejim tanqidchilarining og’zini yopishda qo’l keladi.

Li Fanpin kabi inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi yuristlar fikricha, mehnat lagerlari hali-beri yopilmaydi.

“Kommunistik partiya va Xitoy hukumati mehnat orqali qayta tarbiyalash tizimichalik xalqni vahimaga soluvchi, ijtimoiy tartibni nazorat etuvchi effektiv usuldan voz kechmaydi. Ayrim o’zgarishlar bo’lishi mumkin, biroq sistema butunlay bekor qilinmaydi”, - deydi u.

Tanqidchilarga ko’ra, tizimni isloh qilish qiyin bo’libgina qolmay, ayrim lagerlar u yerda ishlangan tovarlar savdosi hisobiga mo’maygina daromad ham keltiryapti. Bundan tashqari lager mutasaddilari va mahalliy rahbarlar mahbuslarni pora evaziga ozod qilish tizimini yo’lga solgan.

Shunga qaramay Lyu Ji kabilarning islohotlardan umidi katta.