Xitoyda noqonuniy odam organlarining ko'chirib olinishi xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda

  • Amerika Ovozi

Odam organlarining ko'chirilishiga qarshi o'tkazilgan namoyishdan

Xalqaro hamjamiyat Xitoy qamoqxonalarida odam organlarini boshqa odamga transplantatsiya qilish uchun majburan olish amaliyoti mavjudligidan tashvish bildirmoqda. Xabarlarga ko’ra, siyosiy mahbuslar hamda ayrim diniy va etnik guruhlar vakillarining aksariyatini panjara ortida ana shunday taqdir kutadi. Yaqinda Yevropa Parlamenti va AQSh Vakillar palatasi Pekinni bunday amaliyotga chek qo’yishga chaqirdi. Ayni paytda Los-Anjeles shahrida mahbuslar organlarining majburan kesib olinishiga qarshi norozilik namoyishi bo’lib o’tdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoyda odam organlari savdosi, Behzod Muhammadiy

Los-Anjelesdagi Xitoy konsulligi oldida Falungun diniy guruhi a’zolari norozilik namoyishi o’tkazdi. Ular Xitoy hukumatini hibsdagi Falungun a’zolari organlarini majburan ko’chirib olayotganlikda ayblamoqda. Falungun diniy oqim bo’lib, Xitoyda faoliyati taqiqlangan. A’zolari ta’qib qilinadi.
Sobiq mahbus, hozirda AQShda yashayotgan Zen Jen boshdan kechirganlarini jurnalistlarga so’zlab berdi.

“Qamoqxonadan mehnat lageriga olib kelingan kunimiz birinchi ko’rgan odam qo’riqchi emas, balki doktor bo’ldi. Bizni noma’lum joyga olib borishdi. U yerda kasallik tariximizni o’rganish uchun bizni doktor kutib oldi”, - deydi u.

Yana bir Falungun a’zosi Dana Cherchil organlarni majburan kesib olishga qarshi kurashayotgan tashkilotda ishlaydi. Uning aytishicha, hukumat organ ko’chirishda Falungun a’zolarini alohida nishonga oladi.

“Mehnat lagerlaridagi mahbuslarning aksariyatini Falungun guruhi a’zolari tashkil etadi. Mahbuslardan majburan kesib olingan organlarning ham ko’pchiligi ularga tegishli. 2001-yildan 2007-yilgacha organlarini olish uchun 65 ming Falungun a’zosi o’ldirilgan”, - deydi Cherchil.

Xitoy hukumati bu ayblovlarni inkor etadi. Rasmiylarning aytishicha, birorta ham Falungun a’zosi ustida majburiy organ ko’chirish amaliyoti o’tkazilmagan.

AQSh fuqaroligini olgan huquq faoli Gari Vu umrining 19 yilini Xitoy mehnat lagerlarida o’tkazgan. U Falungun a’zolari olg’a surayotgan ayblovlarga shubha bilan qaraydi.

“Shikoyat qilishni istasangiz, Xitoy hukumati oldida norozilik namoyishi o’tkazmoqchi bo’lsangiz, buning yomon tomoni yo’q. Ammo bu gaplarni aytish uchun, avvalo, dalil kerak”, - deydi u.

Vuning aytishicha, Xitoyda o’limga hukm etilgan mahbuslarning tana a’zolarini kesib olib, boshqalarga transplantatsiya qlish amaliyoti ilgari qo’llanilgan. Ammo hozir vaziyat boshqacha.

“Xitoy bugungacha o’ldirilgan mahbuslarning organlarini yig’ib kelgan. Har yili kamida 4 ming mahbus o’ldirilgan desak, 30 yilda ular soni 120 ming bo’ladi. Bu juda katta raqam”, - deydi u.

Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetidan doktor-transplantolog Gabriel Danovichning aytishicha, Transplantalogiya jamiyati hozir Xitoy hukumati bilan ko’chirib o’tkazilgan a’zolarni ro’yxatga olish tizimini joriy etgan. Bu AQSh va Yevropadagi tizim bilan bir xil.

“Yuqori darajadagi hukumat rasmiylari orasida, shuningdek, sog’liqni saqlash sohasida bunday amaliyotga chek qo’yish lozimligini tushunib yetishgan”, - deydi doktor Danovich.

Xitoyning sog’liqni saqlash bo’yicha mas’ul rasmiysi Haybo Van o’tgan yili Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga hisobot berib, o’limga hukm etilgan mahbuslar organidan foydalanish nomaqbul siyosat ekanini ta’kidlagan edi.

Ammo Xitoy boylarning ehtiyojiga xizmat qiluvchi tizimni ham o’zgartirishi kerak, deydi doktor Danovich.

“Xitoy butun dunyodan kelib, yangi organ uchun katta pul to’lashga tayyor odamlar uchun organlar do’koniga aylanib qolgan edi”, - deydi u.

Shifokorlar ham, huquq faollari ham o’zgarishlar bir kunda ro’y bermasligini tan oladi. Ammo Danovichga ko’ra, xalqaro bosimning kuchayishi Xitoyni organ ko’chirish amaliyotiga qarshi tezroq rasmiy choralar ko’rishga undasa ajab emas.