Xitoyda mehnat lagerlarini eslatuvchi yangi hibsxonalar tashkil etilmoqda

  • Amerika Ovozi
Xitoyda mahbuslarni mehnat lagerlari orqali tarbiyalash tizimi bekor qilinishidan bir necha oy o’tib, mahalliy matbuotning xabar berishicha, mamlakatning ayrim hududlarida odamlarni sud hukmisiz uzoq vaqt ushlab turuvchi yangi markazlar bunyod etilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoydagi tarbiyalash markazlari, Behzod Muhammadiy

Pekinda joylashgan “Sinzinbao” gazetasining yozishicha, Xitoyning Henan viloyatida mahalliy rasmiylar bir necha tarbiyalash markazlarini bunyod etgan.

Ushbu xabar internetda kuchli noroziliklarni keltirib chiqardi. Ayrimlar bu markazlarni “yangi mehnat lagerlari” deb atagan.

Hukumat mehnat lagerlarini o’tgan yili noyabrda yopgan edi. Ammo huquq faollarining aytishicha, mahalliy rasmiylar sud hukmisiz odamlarni hibsda saqlash uchun boshqa usullarga qo’l urmoqda.

“Sinzinbao” ma’lumotiga ko’ra, Henandagi mahalliy hokimiyat yangi markazlarni tashkil etish va ularni kerakli xodimlar bilan ta’minlash uchun mablag’ ajratgan.

Uzoq yillar mehnat lagerlariga qarshi kurashgan huquqshunos Li Fanpinga ko’ra, yangi markazlar mehnat lagerlaridan ham yomonroq bo’lishi mumkin.

Uning aytishicha, markazlarning tashkil etilayotgani aniq va ular mehnat lagerlaridan ko’ra yomonroq oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki lagerlarda, hech bo’lmaganda, politsiya ergashadigan qoidalar bor edi; tarbiya markazlarida esa rasmiylar xohlagan odamlarini istalgancha ichkarida majburan saqlashi mumkin, - deydi Li.

Mahalliy fuqaro Yan Jinfenning aytishicha, uning 70 yashar onasi ham Pekinda Adliya vazirligi oldida namoyish o’tkazgani uchun tarbiya markaziga tashlangan.

Onam haligacha qamoqda va bu joriy yilda ikkinchi bor takrorlanishi, deydi u. Yanga ko’ra, o’g’lini nogiron qilib qo’ygan mahalliy rasmiylar ustidan shikoyat qilgan keksa ayol birinchi marta yanvar oyida o’n kunga, ikkinchi marta esa ikki haftaga qamalgan.

“Onam saqlanayotgan xona kichkina va u yerda karavot ham yo’q. Onamda qandli diabet xastaligi bo’lishiga qaramay, markazda hech qanday tibbiy yordam ko’rsatilmayapti”, - deydi Yan Jinfen.

Uning ukasi Yan Jinde biznes bo’yicha bir tortishuvga aralashib qolgan edi. Sud qarshi hukm chiqargach, Yan norozi bo’lib Pekinga shikoyat qildi.

Sud esa uni uyushgan jinoiy guruhga a’zolikda ayblab, 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Yan Jinfenning aytishicha, uning ukasi qamoqda qiynoqqa solingan va nogiron bo’lib qolgan.

“Oilamiz o’tgan yili uni ko’rgani borganda, butun badani harakatsiz, hatto ko’zlari yumuq edi”, - deydi Yan ukasi haqida. Qamoqda u hatto gapira olmagan.

Shundan so’ng uning onasi Pekinga borib, vazirlikka shikoyat qilgan. Rasmiylar esa onasini ham hisbga olib, noma’lum muddatga tarbiya markaziga tashlagan.

Yanning aytishicha, rasmiylar onasining aybi nima bo’lgani va uning qachon ozodlikka chiqishi haqida ma’lumot bermayapti.