Breaking News

Xitoy jazoni o'tash muassasalarini isloh qilish niyatida


Xitoy mehnat lageri
Xitoy mehnat lageri
Xitoyda huquq faollari va siyosiy mahbuslar shu paytgacha “qayta tarbiyalanish markazlari” deya atalgan mehnat lagerlarida jazo o’tagan. Kuzatuvchilar mazkur lagerlarda mahbuslar og’ir sharoitlarda mehnat qilishini aytadi. Rasmiylar olg’a surayotgan yangi islohotga ko’ra, ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida qamoq jazosini olgan faollar bundan buyon mehnat lagerlarga jo’natilmasligi mumkin.

2001 – 2003-yillarda Xuan Bo Xitoydagi mehnat lagerlaridan birida jazo o’tagan, og’ir ish bilan shug’ullanishga majbur bo’lgan. Qamalishdan oldin Shanxayda jarroh bo’lib ishlagan Xuan qamoqxonada plastmassadan archa chiroqlari kabi o’yinchoqlar yasab, yangi yil sovg’alarini qog’ozga o’rash bilan shug’ullandi. Hukumat Falungon diniy harakatiga a’zo Xuanni shu tariqa qayta tarbiyalash niyatida edi.

“Birinchi 2-3 oy bunday ishni har kuni bajarishga majbur qilinardik, chunki ular shu tariqa bizga qonun-qoidalarni o’rgatmoqchi bo’lishdi. Lekin bu quruq gap. Aslida ular shunday qiynoqlar orqali Falungondan voz kechishimizni istagan.Voz kechganlarga ovqat va uxlash imkoni berilardi. E’tiqodini o’zgartirmaganlar esa shunday sharoitda uzoq vaqt yashashga majbur bo’ldi”, - deydi xitoylik sobiq mahbus.

Xuan qamoqxona ichki tartibini buzganlar shafqatsiz jazolanardi, deya eslaydi.

“Quti ustiga ma’lumot yozib boshqalarga uzatmoqchi bo’lgan bir yigit qo’lga tushganida elektr toki bilan qiynoqqa solishdi. Natijada u hojatxonaga borolmay qoldi. Politsiya esa boshqalarga saboq bo’lsin deb mahbuslarga buni oshkor qildi”, - deydi Xuan.

Xitoy mehnat lagerlarida Xuan kabi dindorlardan tashqari fohishalar, narkomanlar, muxolifat a’zolari va hukumat tanqidchilari bor. Ularni aslida mahbus deyish ham noto’g’ri, chunki bu yerga tushganlar na sud qilingan, na ayblari isbotlangan.

Mamlakat bo’ylab yuzlab shunday mehnat lagerlari bor. Ularda 300 mingdan ziyod odam “qayta tarbiyalanadi”.

Pekin rasmiylari bugun 1950-yillarda asos solingan mehnat lagerlari tizimi islohotlarga muhtoj ekani haqida gapirmoqda.

Xabarlarga ko’ra, Kommunistlar partiyasining Siyosat va qonun qo’mitasi rahbari Men Jianzu parlament tasdig’idan o’tsa, tizimga doir qonunchilik isloh qilinishini bildirdi. Biroq o’zgarishlar ko’lami va lagerlardagi mahbuslarning bundan keyingi taqdiri nima bo’lishi hozircha no’malum.

“Xitoy rasmiylari anchadan beri bu tizimda islohot o’tkazish haqida gapirib keladi. Bu eski gap. Xitoy hukumati qayta tarbiyalash tizimi o’rniga boshqa yana bir jazolash tizimini barpo etmoqchi, shekilli. Biz shundan xavotirdamiz”, - deydi “Human Rights Watch” xalqaro inson huquqlari tashkiloti xodimi Maya Vang.

Kuzatuvchilar fikricha, mehnat lagerlaridagi o’zgarishlar Xitoy yangi rahbariyatining umumiy islohotlarni amalga oshirmoqchiligidan dalolat beradi. Noyabr oyida Kommunistlar partyasi rahbari etib tayinlangan Si Zinpin islohotlar haqida, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish borasida gapirib keladi.

“Buni ehtimoldan soqit qilish kerak emas. Garchi bunday gaplar qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan harakatlardan darak bersa-da, asosiy masala - amalda o’zgarishlar bo’lishi yoki bo’lmasligida”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti vakili Rozanna Rayf.

Xitoy mehnat lagerlarida mahbuslar doimiy ravishda qiynoqqa solinadi.

Sinxua axborot agentligi ma’lumotiga ko’ra, aholi orasida mehnat lagerlarini tanqid qilayotganlar soni ko’paymoqda.

Xuan Bo uchun bu, albatta, xushxabar.

“Mehnat lagerini tark etganimga ancha bo’ldi. Shunga qaramay elektr-shok tovushi meni hamon qo’rquvga soladi. Men Xitoydan qochib, Amerikaga kelishga muvaffaq bo’ldim, baxtiyorman,” – deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG