Breaking News

Nyu-York Tayms: Xitoy bosh vaziri, qarindoshlari ulkan boylik egalari


AQShning nufuzli “Nyu-York Tayms” (The New York Times) gazetasi Xitoy bosh vaziri va uning yaqinlari katta boylik orttirgani haqida maqola chop etgach, bu nashrning veb sahifasiga Xitoyda zudlik bilan to’siq qo’yildi.

Jurnalistik tekshiruv natijasida aniqlangan faktlar Bosh vazir Ven Tsiabaoning xalqparvar, reformator degan imidjini chilparchin qilishi mumkin.

“Nyu-York Tayms” ga ko’ra, bosh vazir va uning oila a’zolari tasarrufida 2,7 milliard dollarga teng mol-mulk bor. Uning o’g’li, rafiqasi va boshqa qarindoshlari bank-moliya, qimmatbaho buyumlar savdosi va telekommunikatsiya sohalarida katta ulushga ega.

Maqola internetga qo’yilishidan bir necha soat o’tmay, gazetaning ingliz va xitoy tillaridagi sahifalari Xitoyda ochilmay qoldi. Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xong Ley bu ma’lumotlar tuhmatdan boshqa narsa emas, deydi.

“Nyu-York Tayms” shu yilning uyin oyida xitoy tilidagi veb sahifasini boshlaganida, xolis va aniq ma’lumot uzatishini, jurlanistik faoliyatini rasmiy Pekin talablariga moslashtirish niyati yo’qligini ma’lum qilgan edi.

Amaldagi rahbarlar korrupsiyaga botganini isbotlovchi maqolalar 10 yilda bir o’tkaziladigan qurultoy arafasida turgan Kommunistik partiya yuzini yerga qaratdi. 8-noyabr kungi siyosiy tadbir oldidan Xitoyda senzura kuchaytirilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG