Breaking News

Xitoy hududiy mojarolar borasidagi siyosatini keskinlashtirmoqda


Xitoy va Yaponiya o'rtasida talash orollarning Xitoyga qarashli ekanini ta'kidlovchi reklama
Xitoy va Yaponiya o'rtasida talash orollarning Xitoyga qarashli ekanini ta'kidlovchi reklama
Xitoy azaldan qo’shnilari bilan hududiy mojarolarga ega. So’nggi paytlarda bunday kelishmovchiliklar yanada chuqurlashdi. Tahlilchilar fikricha, rasmiy Pekin bu borada keskin siyosat qo’llashni afzal ko’rmoqda.

Dengizdagi qudratini oshirayotgan Xitoy o’ziga tegishli hududlarning har bir qarichini himoya qilishga shay.

Iyul oyida rasmiy Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi Sancha orolida harbiy garnizon joylashtirdi. Kelasi oydan boshlab yana bir orol - Xaynanda nazorat kuchaytiriladi. Politsiya hududga kirgan kema va qayiqlarni tekshira boshlaydi.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, bunday siyosat mintaqadagi vaziyatni taranglashtiradi. Xitoyning yangi taktikasini to’g’ri deb baholayotganlar ham bor.

“Dengiz hududini boshqarishni ko’zda tutgan aniq qonun-qoidalar bo’lmagani sababli yaqin-yaqingacha Filippin yoki Vyetnam xitoylik baliqchilar huquqini cheklasa yoki Xitoyga qarashli hududda neft va gaz qazish ishlarini boshlasa, ularga qarshi chora ko’rishning iloji yo’q edi. Endi esa yangi qonunlar kuchga kirgan,” – deydi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo’yicha ekspert Jang Ji.

Xitoy va Yaponiya o’rtasida Sharqiy Xitoy dengizidagi bir necha kichik orol talash. Sentabr oyida xitoyliklar Tokio siyosatidan norozilik tariqasida namoyishlar uyushitrdi. Orollar bizga tegishli, deya Pekin BMTdan madad so’radi.

Hozirgi vaziyat Xitoy 1990-yillarda olib borgan siyosatdan keskin farq qiladi. O’tgan asr oxirlarida Pekin qo’shnilar bilan tortishib o’tirmay, murosaga erishishni afzal ko’rardi. Bugunga kelib esa hududini himoya qilishda keskinroq taktika tanlamoqda, deydi Xitoy xavfsizligi bo’yicha mutaxassis Bonni Gleyser:

“Fikrimcha, Pekin ham yumshoq, ham keskin siyosat olib bormoqda, o’zini qanday tutishni bilmagan qo’shnilariga saboq bermoqchi. Tuturuqsiz siyosat va tarang munosabatlar uzoq davom etmaydi, demoqchi bo’layotgandek”, - deydi tahlilchi.

Xitoyliklar hukumatning yangi siyosatidan mamnun ko’rinadi.

“Diaoyu orollarini himoya qilish kerak, o’z yeringning kichik bir parchasidan ham voz kechma, degan siyosat to’g’ri. Men hatto armiyaga qo’shilib, yerimizni himoya qilishga tayyorman”, - deydi pekinlik bir yigit.

“Odamlar hamma narsadan xabardor, daromadlari oshgan. Demak, vatanparvarlik ruhi ham kuchaymoqda, hamma ona yerim deydi. Biroq ayni vaqtda boshqa siyosiy va ijtimoiy masalalarni ham hal etish kerak. Chunki agar norozilar ko’paysa, hukumatga bosim va tanqid ham kuchayadi”, - deydi yana bir fuqaro.

Xitoy hukumati hududiy nizolarni ijobiy hal eta olmasa, nafaqat mintaqada, balki mamlakat ichida ham norozilik kuchayishi muqarrar, deydi tahlilchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG