Isitmasi baland Xitoy kasalini yashirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Shinjon avtonom hududi rahbari o’rinbosari Erkin Tuniyoz BMTning Inson huquqlari kengashi yig'ilishida ishtirok etmoqda. Jeneva, Shveysariya, 25-iyun, 2019.

BMTning Inson huquqlari kengashida Xitoy o’zining Shinjondagi pozitsiyasini oqlashga urindi. Ayni damda bir milliondan ortiq uyg’ur va ozchilikni tashkil etuvchi boshqa millat vakillari qayta tarbiyalash lagerlarida tutqunlikda. Pekin jahon hamjamiyati munosabatini o’zgartirish uchun kengashda etnik uyg’urlar vakilidan foydalandi.

Jenevada o’zini uyg’ur deb tanishtirgan Shinjon avtonom hududi rahbari o’rinbosari Erkin Tuniyoz vatanidagi ijtimoiy-siyosiy voqelikni ijobiy tasvirlab berdi. Unga ko’ra, Shinjonda turli millat va din vakillaridan iborat 25 million aholi birdamlikda hayot kechirmoqda.

“Odamlar anor donalariday jipslashgan. Xitoy hukumati Shinjondagi 2,3 million ehtiyojmand aholini qashshoqlikdan olib chiqdi. E’tiqod erkinligi qonun bilan himoyalangan. Etnik ozchilik qatlami tillari maktablarda o’qitiladi, ijtimoiy tarmoq va ommaviy tadbirlarda keng qo’llanadi”, - dedi Tuniyoz.

Shunga qaramay, Xitoy etnik separatizm, terrorizm va diniy ekstremizm kabi jiddiy muammolar bilan yuzlashib turibdi, deydi u. Tuniyoz minglab terror xurujlari oqibatida begunoh odamlarning qoni to’kilgani, katta miqdorda mulklarga zarar yetganiga urg’u berdi. Xitoy ana shunday tahdidlarning oldini olish chorasini qo’llashga majbur, deydi rasmiy.

“Qayta tarbiyalash lagerlarida diniy ekstremizm ta’sirida bo’lganlar va mayda bezoriliklarni amalga oshirganlar qonun asosida treninglardan o’tadi. Markazlarda davlat tili, huquqiy bilimlar, kasbiy malaka va radikallashuvning oldini olishga qaratilgan mashg’ulotlar o’tkaziladi”, - deydi Tuniyoz.

AQSh Shinjon rasmiysi taqdim etgan axborotni sharmandalik deb atadi. Xususan, Amerikaning Jenevadagi missiyasi maxsus bayonot bilan chiqdi. Unda dunyoning inson huquqlari eng qo’pol ravishda toptalayotgan mamlakatiga yana bir bor propaganda imkoniyatini bergani uchun kengash tanqid ostiga olingan.

Inson huquqlari faollariga ko’ra, Xiyot lagerlarida saqlanayotganlar tahqirlanadi, qiynoqqa solinadi. Ular islomdan voz kechishga, spirtli ichimliklar va cho’chqa go’shti iste’mol qilishga majburlanadi, o’ldiriladi ham. Faollar qayta-qayta xalqaro hamjamiyatni yetarlicha chora ko’rmayotganlikda, Xitoy hukumatini javobgarlikka tortmayotganlikda ayblab keladi.