Qo’shma Shtatlar Xitoyni azaldan savdo-sotiq bobida g’irromlik va hiylakorlikda ayblab keladi. Prezident Trampning Xitoyga qarshi keskin bayonot va qarorlarini Kongressda ko’plab qonunchilar oqlishlaydi, ammo prezident joriy etgan tariflardan norozilar ham ko’p.
Prezident Tramp xalqqa birinchi murojaatida Xitoyni tanqid qilgan edi.
“Xitoy Jahon savdo tashkilotiga qo’shilganidan beri 60 ming fabrikamiz yopildi. Xitoy mahsulotlariga tariflarni oshiramiz. Bizda ish o’rinlari kamayib ketganiga ular sababchi”, - deydi u.
AQShning avvalgi rahbarlari ham Xitoyni savdo qoidalarini buzayotganlikda, bozorni arzon po’lat bilan to’ldirganlikda ayblar edi. Tramp saylangach Pekinga qarshi amaliy choralar ko’ra boshladi. Kongress unga jo’r bo’lmoqda.
“Texnologiyalarimiz o’g’irlanishiga, adolatsiz raqobat natijasida amerikaliklar ishidan ayrilishiga jim qarab tura olmaymiz”, - deydi senator Jeyms Rish.
“Amerika 10-15 yildan keyin ham yirik iqtisodiy kuch bo’lib qolsin desak, Xitoyga qarshi chora ko’rishimiz kerak”, - deydi senator Chak Shumer.
“Xitoy AQSh uchun qanchalik muammo tug’dirayotgani haqida gap ketganda, Prezident Tramp bilan hamfikrman”, - deydi senator Robert Menendez.
Trampga quloq tutsangiz, ba’zida uning so’zlari demokrat tanqidchilaridan farq qilmaydi.
"Korporatsiyalar bir dollar uchun sizni ishdan bo’shatib, korxonasini boshqa davlatga ko’chiraveradi. Ular amerikalik ishchilar haqida qayg’urmasa, mana men saylansam ishchilar manfaati uchun kurashaman”, - deydi prezidentlikka harakat qilayotgan demokrat senator Elizabet Vorren.
Xitoyga bas kelishda partiyamiz jur’at eta olmagan ishlarni Tramp qilaypti, deydi ayrim respublikachilar.
“Ochig’i, Xitoy biznes hamkorimiz bo’lgani uchun partiyadoshlarim bu davlat haqida biror tanqidiy fikr bildira olmas edi. Oxirgi uch yilda bu o’zgardi”, - deydi senator Tom Kotton.
Ammo tariflardan, avj olayotgan savdo urushidan respublikachilar dahshatda.
“Ayovada har beshinchi odamning ishi savdo bilan bog’liq”, - deydi senator Joni Ernst.
“Tariflar va kvotalar bilan bozor yo’lini to’sish uzoq muddatli yechim bo’lolmaydi”, - deydi senator Chak Grassli.
Demokratlar fikricha, Tramp ittifoqchilar bilan birgalikda Xitoyni jilovlash imkoniyatini boy berdi.
“Kanada, Meksika, Yevropa, Yaponiya bilan janjallashish - mantiqsizlik. Birgalikda Xitoyga qarshi harakat qilsak, tezda yaxshi bir yechim topgan bo’lardik”, - deydi senator Chak Shumer.
AQSh va Xitoy tezroq kelishib olsin, deydi qonunchilar.
“Savdo urushi kelishuv bilan tugashi, tariflar bekor qilinishi kerak. Hozirgi choralar o’sha kunga yetaklashiga umid qilyapmiz”, - deydi senator Mitch Makkonel.
Kelishuv nimadan iborat bo’lishi ham muhim.
"Prezident telekameralar oldida turib, yangi savdo bitimlari haqida gapirishni, shov-shuv ko’tarishni yaxshi ko’radi. Lekin ko’pincha bular natijasiz, quruq gap bo’lib chiqadi”, - deydi senator Ron Vayden.
Ammo Tramp tariflarga asoslangan savdo strategiyasidan voz kechmoqchi emas. Tariflar, deydi u, eng zo’r muzokara strategiyasidir. Daromad ham keltiradi.
Facebook Forum