Xitoy xalqaro hamjamiyatdan terrorga qarshi kurashini tushunishni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoyning Kunmin shahri

Xitoy xalqaro hamjamiyatdan uning terrorga qarshi siyosatini tushunishni so’ramoqda.

Shanba kuni niqob kiygan va xanjar bilan qurollangan to’da Kunmin shahridagi temiryo’l vokzalida odamlarga hujum qilib, 29 nafarini o’ldirdi va 130 dan ziyodiga tan jarohati yetkazdi. Xitoy terrorizm qurboni va nishoni ekanini aytmoqda.

Ertaga poytaxt Pekinda Xitoy milliy xalq qurultoyi ish boshlaydi.

Rasmiylardan biriga ko’ra, terrorizm chegara bilmaydi.

"Bu vaboga qarshi siyosatimiz, harakatlarimizni xalqaro hamjamiyat to’g’ri tushunib, bizni qo’llab-quvvatlashiga umid qilamiz", - dedi qurultoy matbuot kotibasi Fu Yin.

Kecha xabar qilinishicha, Kunmindagi xurujda shinjonlik uyg’urlar aybdor deb topilgan. Bu millat vakillari Pekinni zug’umda va har bir fursatda zo’ravonliklarda ularni ayblashini tanqid qiladi.

Yaqinda pekinlik uyg'ur olimi Ilhom To'xti hukumatga qarshi harakatlarda ayblanib hibsga olingan edi. Uyg'urlar huquqlarini himoya qilib kelgan iqtisodchi bo'lginchilikda ayblanmoqda. Advokatlariga ko'ra, u o'limga mahkum etilishi mumkin.

Xitoylik inson huquqlari faollari qurultoy arafasida prezident Si Zinpin va qurultoy raisi Vu Banguoni qonunchilikni isloh qilib, so'z erkinligini kengaytirishni so'ragan.