Xitoyning Tibetga nisbatan siyosatida o'zgarish kutilyaptimi?

  • Amerika Ovozi
Xitoyga qarashli Tibet hududida Dalay Lamaga e’tiqod qilish noqonuniy hisoblanadi. Pekin so’nggi yillarda Lxasaga nisbatan siyosatini yumshatganini da’vo qilsa-da, mintaqada ijobiy o’zgarishlarni payqash qiyin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoyning Tibet siyosati, Behzod Muhammadiy

Londonda joylashgan “Ozod Tibet” guruhining ma’lum qilishicha, Xitoy hukumati yaqinda Tibet aholisi qo’l telefonlariga xat yuborib, diniy rahnamo Dalay Lamaning suratlarini saqlash hanuz noqonuniy ekanini eslatgan.

“Telefonlarga yuborilgan maktub mahalliy tilda viloyat hokimiyatining propaganda bo’limi tomonidan tarqatilganini bir necha manba tasdiqladi”, - deydi tashkilotning matbuot kotibi Alisteyr Karri.

Ibodatxona, mehmonxona va restoranlarga surgundagi diniy rahnamo suratlarini qo’yish 1996-yilda taqiqlangan.

O’tgan hafta ayrim ibodatxonalar uchun bu taqiq bekor qilingani haqida gaplar paydo bo’ldi. Shundan so’ng hukumat bu haqda hech qanday o’zgarish bo’lmaganini yana bir bor eslatishga qaror qilgan. Xitoy matbuoti voqea haqida hech narsa yozmadi.

Mamlakatda milliy ozchilik masalalarini o’rganuvchi markaz rahbari Jang Xayangning aytishicha, bu mavzuning yana ko’tarilishi bejiz emas.

“Bu haqda turli qarashlar bor. Tibetdagi vaziyatdan norozilar ham ko’p. Ammo uzoq vaqtdan beri ta’lim tizimi o’zgargani yo’q. Odamlarning yangi g’oyalarni qabul qilishi qiyin yoki dinlar va etnik guruhlar bilan murosa qilisha olmaydi”, - deydi u.

Xitoyning mintaqadagi siyosatiga, ayniqsa, dindor rohiblar keskin qarshi. 2009-yildan beri bu yerda kamida 120 odam noroziligini o’ziga o’t qo’yish orqali izhor etdi. Hukumat esa bu harakatlar ortida Dalay Lama turganini aytadi.

O’tgan oy Kommunistik partiya oliy maktabi professori Jin Vey kutilmaganda hukumatning azaliy siyosatini savol ostiga oldi.

“Biz uni dushman deb e’lon qilganimiz bilan muammo hal bo’lmaydi”, - dedi u.

Olimga ko’ra, Pekin Dalay Lama bilan muzokaraga kirishi kerak. Ruhoniyga Gonkongga qaytishi, hatto Tibetga kelib turishi uchun izn berilishi kerak, deydi xitoylik professor.

Hukumat Tibetga nisbatan siyosatini haqiqatan ham yumshatishi kutilmoqdami? Xorijlik kuzatuvchilar bu ehtimolga shubha bilan qaraydi.

Hindistonning Daramsala shahrida joylashgan Tibet instituti direktori Subten Sampel fikricha, Xitoy rahbariyati orasida ham muloqot tarafdori bo’lgan guruhlar bor.

“Tibet muammosini hal qilish bo’yicha rahbariyat orasida muzokara borayotgan bo’lishi ehtimoli bor. Lekin Tibetga nisbatan siyosatni o’zgartirish xavfli. Shuni ko’tarishga tayyor yetakchi hali topilgani yo’q”, - deydi u.

Ayni paytda, muammolarni o’z holiga tashlab qo’yish ham xatarli, deydi Sampel.

“Umid qilamizki, Xitoy rahbariyati Tibetga nisbatan qattiqqo’l siyosatini yumshatib, odamlarga quloq tutishni boshlaydi”, - deydi u.

Xitoy prezidenti Shi Zinpin Tibetga nisbatan keskin qarashlari bilan tanilgan. Shu bois uning davrida biror jiddiy o’zgarish bo’lishini umid qiluvchilar kam.