Xitoy xorijdagi uyg'urlar ovozini o'chirishga urinmoqda

Vashingtonda uyg'urlar namoyishi, 12-iyul, 2015-yil

Turkiyadan tortib Markaziy Osiyogacha bo`lgan turkiy davlatlarning Xitoy bilan qalinlashib borayotgan aloqalari Sharqiy Turkistondagi uyg`urlarga oid vaziyatni yanada og`irlashtirmoqda. Pekinda Buyuk Ipak yo`li loyihasiga bag`ishlangan “Bitta belbo`g - bitta yo`l” xalqaro forumida deyarli barcha turkiy davlat rahbarlari ishtirok etdi, turkiy yetakchilarning birortasi Xitoy tasarrufida qolayotgan uyg`urlar taqdiri haqida ochiq bayonot bermadi. Pekin so`nggi paytlarda uyg`ur faollarining BMT doirasidagi chiqishlarini ham taqiqlashga erishayotgani kuzatiladi.

Butunjahon Uyg`urlar kongressi Bosh kotibi To`lqin Isa BMTning tub aholi huquqlariga bag'ishlangan majlisida so`zlash imkoniyatidan Xitoy talabiga ko`ra mahrum qilingan. To`lqin Isa BMT minbaridagi chiqishida Xitoy nazoratida yashayotgan tub aholi - uyg`urlar to`qnash kelayotgan og`ir vaziyat haqida ma`lumot berishni rejalagan edi.

Bu taqiqdan bir necha kun o`tib, 13-may kuni Xitoy qadimiy Ipak yo`lini tiklashni maqsad qilgan xalqaro forum tashkil etdi. Unda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan tortib Turkiya rahbari Erdog`angacha, deyarli barcha turkiy davlatlarning prezidentlari ishtirok etishdi. Ularning birortasi BMT doirasidagi voqeani ham, uyg`urlarning milliy haq-huquqlari toptalayotganiga doir vaziyatni ham rasmiy Pekinga eslatishga jur`at etgani haqida ma`lumot yo`q.

Uyg`urlar masalasini muntazam ko`tarib kelgan Turkiya prezidenti Toyib Erdog`an ham bu safar bayonotlardan tiyilgan, aksincha, Pekin va Anqara o`rtasida jinoyatda ayblanayotganlarni o`zaro almashish haqida bitim imzolanishi Turkiyadagi minlab uyg`urlarda keskin xavotir uyg`otgan.
Butunjahon Uyg`urlar kongressi rahbari To`lqin Isa bu holatni afsus bilan qayd etadi.

“Erdog`an va Xitoy rahbari o`rtasidagi uchrashuv davomida jinoyatda ayblayotganlarni o`zaro almashish haqidagi kelishuv imzolandi. Bu bizni xavotirga solgan hodisa bo`ldi, chunki Xitoy hukumati nazarida uyg`urlaning hammasi jinoyatchi, hammasi terrorchi, ular muxolif faoliyatni siyosiy harakat deb qaramaydi. Uchrashuvlarda (Erdog`an va Si Zinpin) uy`gurlar masalasi qanchalik gaplashilgani haqida ma`lumot yo`q, ammo ikki o`rtada imzolangan hujjatni uyg`urlarga qarshi qaratilgan kelishuv deb hisoblaymiz. Biz bundan juda afsusdamiz. Xitoy uyg`urlar Suriyadagi urushda qatnashyapti degan da`voda, ammo u yoqdagi urushda hamma yoqdan odamlar bor. Bu kelishuv aynan Turkiyadagi siyosiy faoliyatda bo`lgan uyg`ur faollarini nazarda tutadi. Masalan, faollarimizdan biri Abduqodir Yobjon bir yilki qamoqda, u Xitoy so`roviga ko`ra ushlab turilibdi. Bu bitim kuchga kiradigan bo`lsa, uyg`urlarning Turkiyada o`z tashkilotlarini tuzishlariga, faoliyat yurtishlariga jiddiy taqiq vujudga keladi”, - deydi To`lqin Isa.

Turkiy xalqlarning qadimiy elatidan bo`lgan uyg`urlarning yurti Sharqiy Turkiston o`tgan asrning 50-yillaridan boshlab Xitoy tasarrufiga o`tgan, Shinjon-uyg`ur muxtor viloyati maqomiga ega. Bu vaqt mobaynida Pekinning xitoylashtirish siyosati minglab uygu`rlarni o`z vatanini tark etishga majbur etdi. Bu muxtor hududga entnik xitoylarni majburan ko`chirish siyosati davom etmoqda.

Qadimdan Markaziy Osiyo bilan yaxlit bir hududni tashkil etgan uyg`urlar qardosh davlatlarda kechayotgan voqeliklarni, shu jumladan, O`zbekistondagi jarayonlarni diqqat bilan kuzatib kelishadi.

To`lqin Isaga ko`ra, O`zbekistonda hokimiyat almashishi, Mirziyoyevning islohotlari uyg`urlar tomonidan ham iliq kutib olingan. Karimov davrida keskin nazoratda bo`lgan uyg`ur markazlari faoliyati jonlanishiga umid uyg`ongan, ammo Xitoy bilan tobora yaqinlashib borayotgan aloqalar xavotir uyg`otmasdan qo`ymaydi.

“Markaziy Osiyodagi qardosh davlatlarda yashayotgan uyg`urlar faoliyai ShHT tuzilishi bilan keskin cheklangan bir vaziyatda qolmoqda. Karimovning o`limidan keyin Mirziyoyev hokimiyatga kelishi umidlar uyg`otdi, demokratiya tomon siljish rejlari bor. Bu haqiqatda qanchalik amalga oshadi, hozircha aniq bir narsa deyish qiyin, ammo avvalgiga nisbatan o`zgarishlar borligi seziladi. Xitoy hozir Ipak yo`li loyihasi bahonasi bilan mintaqadagi qardosh davlatlarga yanada yaqinroq kirib borayapti, o`z bosimini o`rnatishga harakat qilmoqda. Xitoyning maqsadi mintaqadagi uyg`ur faollarini keskin nazoratda ushlash. Shunday ekan, yaqin kelajakda ular faoliyatida bir erkinlik boshlanadi deyishga ishonch yo`q”, - deydi To`lqin Isa.

Uyg`urlar Xitoy ularning nafaqat etnik, balki diniy huquqlarini ham cheklayotgani, tazyiqqa olayotganidan shikoyat qilib kelishadi. O`z yurtida turli tazyiqlarga olinayotgan tub aholi huquqlari BMT himoyasiga olingan, bu borada tashkilot doirasida alohida qo`mita mavjud.

To`lqin Isaning BMT qo`mitasi yig`ilishidan chiqarib yuborilishi bilan bog`liq son`ggi vaziyat uyg`urlarni so`zdan mahrum qilishda Xitoy qudrati yanada kuchayayotganini ko`rsatmoqda.

“Men qo`mitaning ochilish yig`inida qatnashdim, ammo chiqishim kutilayotgan uchinchi kuni, Xitoy kiritgan shikoyatga ko`ra, meni majlisdan chiqarib yuborishdi. Bu qonunga zid harakat, ko`plab xalqaro tashkilotlar buni qoralab chiqishdi. Shuningdek, AQSh davlat kotibiyatida o`tgan uchrashuvda, Germaniya Tashqi ishlar vazirligidagi uchrashuvlarda ham o`z noroziligimizni bildirdik. Xitoy uyg`urlar huquqlari bilan bog`liq masala muhokamaga chiqarilishini istamaydi, shuncha yillardan buyon meni bu boradagi faoliyatimni to`sishga urinib keldi, uddasidan chiqmagan edi. Shu safar Nyu-Yorkdagi yig`inda bunga erishdi”, - deydi To`lqin Isa.

Sharqiy Turkiston Shinjon-uyg`ur muxtoriyatida 12 million atrofida uyg`ur bor. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida ham milliondan oshiq uyg`urlar yashaydi. Ittifoq qulab Markaziy Osiyo davlatlarining mustqallikka erishishi bir paytlar Sovet ittifoqi tarkibida bo`lgan Sharqiy Turkiston uyg`urlarida ham mustaqilikka intilish harakatini kuchaytirgan.