Xitoy hukumati terrorchilarni ushlaganga mukofot va'da qildi

  • Amerika Ovozi

Urumchi, Shinjon

Xitoy hukumati Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni qo’lga olish yoki yo’q qilishda zarur ma’lumot uchun salkam 50 million dollar mukofot fondi ta'sis etdi.

Xo’tan viloyatida o’tgan hafta 10 kishi terrorizm gumoni bilan ushlangan edi. Ularni topishda yordamlashgan olti shaxsning har biriga hukumat 16 ming dollardan ulashdi.

Xitoy matbuotining yoritishicha, politsiya 30 ming ko’ngillining ko’magida gumon qilinayotgan shaxslarni quvib borgan. Mahalliy fermadagi oxirgi olishuvda politsiya to’qqiz shaxsni o’ldirib birini hibsga olgani aytiladi.

Shinjonda o’tgan bir yildagi to’qnashuv, zo’ravonliklar taxminan 200 odamni hayotdan olib ketdi. Buning ketidan rasmiy Pekin terrorizmga qarshi kampaniya boshlab, shu paytgacha yuzlab odamlarni qamoqqa tashladi.

Uyg’urlar Xitoy hukumatini adolatsiz siyosatda va kamsitishlarda ayblaydi. Xususan, rasmiy Pekin ozchilik elatning diniy, madaniy huquqlarini oyog’osti qilayotganlikda, xitoylarning manfaatlarini ustun qo’yishda ayblab tanqid qilinadi.