Xitoy Shinjonda ekstremistlarga qarshi kurashni kuchaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi
Xitoyning Shinjon viloyati poytaxti Urumchidagi poyezd stansiyasi yaqinida yuz bergan portlashda uch odam halok bo’lgan, 79 kishi yaralangan. Hujum mamlakat prezidenti Si Zinpinning minataqaga uyustirgan safaridan ko’p o’tmay sodir bo'ldi.

Rasmiylar portlash ortida uyg’ur ekstremist kuchlari turganini da’vo qilmoqda. Uyg’ur faollari esa Pekinning ayirmachilik va zolim siyosati oqibatida ayrim shaxslar zo’ravon choralarga qo’l urishga majbur bo’layotganini aytadi.

Gonkong Ilm-fan va texnologiya universiteti professori Berri Sautmenning aytishicha, Xitoy hukumati olib borayotgan yopiq siyosat sababli Shinjonda nimalar ro’y berayotgani va uning ortida kimlar turgani haqida aniq ma’lumot olish qiyin.

Shinjonga tashrifi davomida Xitoy prezidenti Si Zinpin mahalliy hukumat rasmiylari, maktab o’quvchilari hamda xavfsizlik kuchlari bilan uchrashgan. Terrorchilarni kalamushlarga o’xshatgan davlat rahbari, ayni paytda, xitoy va uyg’ur xalqi o’rtasida integratsiyani kuchaytirish masalasida qilinadigan ishlar ko’p ekaniga ham urg’u bergan.

“Prezidentning tashrifi yaqin kelajakda olib boriladigan ikki xil faoliyat bilan bog’liq deb o’ylayman, - deydi Sautmen. – Ulardan biri, shubhasiz, terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish bilan bog’liq. Shinjonga kelib xavfsizlik kuchlari bilan shaxsan uchrashish orqali u terrorchilarni yo’q qilish uchun markaziy hukumat lozim bo’lgan barcha ishni qilishga tayyor ekanini ko’rsatmoqchi”.

Ikkinchi tomondan, rahbariyat bu tashrif natijasida Shinjonning qashshoq hududlarini iqtisodiy rivojlantirish dasturini ham kengaytirishni ko’zlayotgan bo’lishi mumkin, deydi professor.

Ayniqsa, avtonom viloyatning janubiy qismlarida aholi o’ta qashshoq hayot kechirishi aytiladi.

AQSh Davlat departamenti Urumchida ro’y bergan zo’ravonlikni qoralab, halok bo’lganlar yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Shu munosabat bilan e’lon qilingan bayonotda, jumladan, Xitoyning terrorga qarshi kurash amaliyoti haqida yetarli va ochiq axborot bermayotgani tanqid qilinadi.

AQSh hukumati hisobotiga ko’ra, yaqinda qabul qilingan qonun Xitoy xavfsizlik kuchlariga “terrorizm va davlat xavfsizligiga tahdid solish” aybi bilan shubha ostiga olingan har qanday shaxsni hibsga olish huquqini bergan. Bu esa inson huquqlarining keng toptalishiga yo’l ochib beradi, deya xavotir bildiradi AQSh rasmiylari.