"Nyu-York Tayms": AQSh razvedkasi Karzayga naqd pul uzatib kelgan

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston va Amerika rahbarlari Hamid Karzay va Barak Obama

Bugun Amerikaning “Nyu-York Tayms” gazetasida chop etilgan maqolada aytilishicha, AQSh Markaziy razvedka bosharmasi Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay va uning ma’muriyatini so’nggi 10 yilda moliyalab borgan.

Karzay ma’muriyati rahbarining o’rinbosari lavozimida uch yil ishlab, 2005-yilda ketgan Xalil Romanning gazetaga aytishicha, pul ro’yxatdan o’tmagan. Sobiq rasmiy mablag’ nima maqsadda qo'llanganidan bexabar.

Gazetaga ko’ra, AQSh razvedkasi bu bilan prezident Karzay hokimiyatini kuchaytirmoqchi bo’lgan.

“O’n millionlab dollar ryukzak, plastik sumkalarga joylanib, har oy Karzay idorasiga yetkazilar edi”, - deyiladi maqolada. Biroq, deb yozadi “Nyu-York Tayms”, puldan shaxsan Karzay foydalangani haqida ma’lumot yo’q.

Afg’on rahbarining idorasi “Nyu-York Tayms”da chop etilgan maqolaga munosabat bildirar ekan, AQSh hukumatidan oz miqdorda pul olganini va mablag’ turli maqsadlarda ishlatilganini aytadi. Masalan, yarador va bemor afg’onlarga yordam berish uchun.

Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda taraqqiyot dasturlari uchun milliardlab dollar sarflagan.

Gazeta 2010-yilda Eron Karzay idorasiga millionlab dollar o’tkazgani haqida xabar bergan edi. O’shanda bildirilishicha, pul parlament deputatlari, qabilaviy yetakchilar va, hatto Tolibon qo’mondonlari sadoqatini sotib olish uchun sarflangan. Tehron “Nyu-York Tayms” xabarini avvaliga ig’vo deb atagan, so’ngra Afg’onistonga tiklanish ishlari uchun pul berganini tan olgan.