Senatning Razvedka qo’mitasi Markaziy razvedka agentligi tomonidan qo’llanilgan qiynoq uslublarini tanqid qiluvchi hisobotning bir qismini ommaga oshkor qilishga qaror qildi. E’lon qilinayotgan ma’lumotlarda qo’mita va razvedka agentligi o’rtasida bo’lib o’tgan keskin munozaraning xulosasi o’rin olgan.
Qo’mitaning 6200 sahifalik hisobotida prezident Jorj Bush davrida qo’llangan suvga cho’ktirish va ayrim boshqa usullar o’ta shafqatsiz bo’lgani va ular yordamida biror arzirli ma’lumot qo’lga kiritilmagani tanqid qilinadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Senat qo’mitasi rahbari Dayan Faynshtaynning aytishicha, hisobotning 480 betdan iborat xulosasi 30 kun ichida ommaga oshkor etiladi.
“Natijalar odamni hayratda qoldiradi. Hisobotda davlatimiz qadriyatlariga butkul zid keluvchi vahshiylik fosh etilgan. Tariximizdagi bu dog’ning takrorlanishiga aslo yo’l qo’yib bo’lmaydi. Bu amerikaliklar uchun xos ish emas”, - deydi senator Faynshtayn.
Hisobot xulosasini oshkor qilish qarorini 11 senator yoqlab ovoz bergan, uch nafari qarshi chiqqan. Asosan, demokratlar tashabbusi bo’lgan qarorga ayrim respublikachilar ham qo’shilgan.
Qo’mitadagi yetakchi respublikachi Saksbi Chemblis o’tmishni ko’p kovlamasdan, olg’a qadam tashlash fursati keldi, deydi.
“Men bu hisobotning tayyorlanishiga boshidan rozi emas edim. Bu vaqtni isrof qilishdan boshqa narsa emas. Bu masalada Qurolli kuchlar qo’mitasi avval hisobot chiqargan. O’tmishda qolgan masalani allaqachon yopish kerak”, - deydi u.
Faynshtaynning ta’kidlashicha, hisobotda razvedka idorasining tergov dasturlarini boshqarishda hamda Oq uy va Kongress bilan aloqa qilishda yo’l qo’yayotgan jiddiy muammolari ham tilga olingan.
“Bu jiddiy tashvishga molik masala. Mavjud holat demokratik davlatda razvedka idoralari faoliyatini kuzatib turish naqadar muhim ekanini ko’rsatadi”, - deydi qo’mita raisi.
Hisobot yuzasidan senatorlar hamda razvedka idorasi rasmiylari keskin munozara olib borgani ma’lum. Qo’mitaga ko’ra, Markaziy razvedka boshqarmasi Senat tekshiruvchilari ustidan ham josuslik qilib, ayrim ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo’l qo’ymagan.
Razvedka idorasi esa tekshiruvchilarni maxfiy hujjatlarni noqonuniy qo’lga kiritganlikda ayblab, shuningdek, hisobotni tayyorlashda agentlik rahbarlari bilan suhbat o’tkazilmaganini aytadi.
Hisobot xulosasining chop etilishi oqibatida AQSh razvedka boshqarmasi yanada maxfiylikka yuz tutishi mumkin, deydi Vashingtondagi Amerika universiteti professori Jeffri Bakman.
“Idora inson huquqlariga oid xalqaro qonunlarni, ehtimol, hatto urush qonunlarini buzgani haqida savollar paydo bo’lishi shubhasiz. Shuning uchun ular bundan buyon yanada ehtiyotkorroq bo’lishadi. Amaliyotlarni cheklash yuzasidan emas, balki axborotning chetga chiqishi masalasida”, - deydi professor.
AQSh prezidenti Barak Obama hisobot xulosasining maxfiylik tasnifidan chiqarilishini qo’llab-quvvatlagan. Rasmiylarga ko’ra, prezidentning razvedka idorasini qaror shartlariga rioya qilishga undashi kutilyapti.