Breaking News

Markaziy razvedka agentligi: Kongressda josuslik qilmaganmiz


Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Brennanning aytishicha, Kongress a’zolari maxfiy kuzatuvda bo’lmagan. Senatning Razvedka masalalari bo’yicha qo’mitasi yaqinda uning hisobotini tingladi.

2002-yilda, AQSh Afg’onistonga qo’shin kiritganidan ko’p o’tmay, terrorchilikda gumon qilingan shaxslar qo’lga tusha boshladi.

Bir necha yil o’tib, Senatning Razvedka masalalari bo’yicha qo’mitasi mahbuslarning qiynoqqa solinayotgani haqidagi iddaolarni tekshirishga kirishdi.

2009-yilda Markaziy razvedka boshqarmasi Kongressga o’z kompyuterlaridagi o’ta maxfiy hujjatlarni ko’rish imkonini berdi.

Yaqinda qo’mita raisi Dayan Feynshteyn agentlik qonunni buzgan holda Senat ishini kuzatgan deya da’vo qildi. 2010-yildan beri hujjatlarni ko’rsatmay qo’ygan.

“Biz o’tkazayotgan tergovga Markaziy razvedka boshqarmasi aralashgan. Boshidan bunga qarshi edik,” - dedi u.

Boshqarma xatti-harakatlari Senatning xolis va mustaqil ravishda davlat organlarini tekshirishi yo’lida to’siq bo’lgan, deydi senator.

“Markaziy razvedka boshqarmasi AQSh konstitutsiyasida muhrlangan tamoyillarga qarshi ish olib borgan, ya’ni hokimiyatlar mustaqilligiga raxna solgan”.

Markaziy razvedka boshqarmasi ta’kidiga ko’ra esa, hibsda saqlash va so’roq o’tkazish dasturini tekshirayotgan Senat tergovchilari qonunga zid holda maxfiy hujjatlarni olgan.

Boshqarma rahbari Jon Brennan deydiki, qo’mita hisobotining chiqarilishiga qarshilik bo’lmagan, qonunchilarning kompyuterlari ham noqonuniy tarzda tekshirilmagan.

“Markaziy razvedka boshqarmasi Senat kompyuterlarini buzib kirdi degan iddaolarga kelsak, bu haqiqatga to’g’ri kelmaydi. Biz hech qachon bunday qilmaymiz. Bu faoliyatimizga mutlaqo zid,” - dedi Brennan.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni esa hech bir taraf yonini olmay, masala ko’rib chiqilmoqda, deydi.

“Bugun Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari shuni aytdiki, agar xodimlari noo’rin ish qilgan bo’lsa, bu aniqlanadi. Prezident ham, albatta, shunday fikrda”.

Qo’mitaning 6300 betlik hisoboti jamoatchilik uchun ochiq emas. Qonunchilarga ko’ra, hujjatdan bir narsa ayon: terrorizmda gumon qilinganlar qiynoqqa solingan.

To’rt yil davom etgan va 40 million dollarga tushgan bu tekshiruvdan xulosa shuki, Markaziy razvedka boshqarmasi prezident, Kongress va jamoatchilikka haqiqatni bo’rttirib ko’rsatgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG