Breaking News

Oq uyda razvedka xizmati faoliyati muhokamada


AQSh hukumati razvedka xizmati ishi, xususan Milliy xavfsizlik agentligi tomonidan oddiy fuqarolarga oid ma’lumotlarni to’plashdagi amaliyotlariga o’zgartirish kiritish masalasini ko’rib chiqmoqda. By maqsadda tuzilgan maxsus guruh prezident Obamaga 46 tavsiya kiritilgan hisobotni taqdim etdi.

Obama ma’muriyati fuqarolar shaxsiy hayotiga aralashmagan, ya’ni huquq va erkinliklarni cheklamagan holda milliy xavfsizlikni ta’minlashning yangi yo’llarini izlayotganini bildirdi.

Bu borada tavsiyalarni ishlab chiqqan guruh razvedka ma’lumotlarini ehtiyotkorlik bilan to’plash va bu jarayonda nafaqat AQSh fuqarolari, balki amerikalik bo’lmaganlarning huquqlarini ham hurmat qilish kerakligini ta’kidladi.

Vashingtondagi Amerika universitetidan huquqshunos professor Stiven Vladak deydiki, masalaning bu jihati muhim, chunki xorijda yashaydigan AQSh fuqarolari huquqlari AQSh konstitutsiyasi bilan kafolatlanmagan.

“Milliy xavfsizlik agentligi qo’lidan kelganicha barcha ma’lumotni to’playdimi yoki faqat ehtiyoj bor ma’lumotnimi? Asosiy masala shunda,” – dedi u.

Oq uy so’zlovchisi Jey Karni prezident Obama 300 betlik hisobotni puxta o’rganib chiqishi va so’ngra qaror qabul qilishni bildirdi.

“Yanvardan oldin hech qanday qaror kutmang. Undan keyin prezident tavsiyalar yuzasidan fikr bildiradi. Lekin uzil-kesil qaror qabul qilmaydi”, - dedi rasmiy.

Milliy xavfsizlik agentligining sobiq xodimi Edvard Snouden fuqarolarning telefon va elektron pochta muloqotlari zimdan kuzatilganini keng jamoatchilikka oshkor etganidan keyin masala dozabrlashib, amaliyotni o’zgartirish kerak, degan ovozlar yangray boshladi. AQSh ma’muriyati xorijiy hamkorlarini kuzatgani uchun tanqidga uchradi.

Oq uy Snouden oshkor etgan ma’lumotlarning hozirgi munozaralarga turtki bo’lganini e’tirof etmoqda.

“Kiritiladigan o’zgarishlar AQSh milliy xavfsizligiga tahdid tug’dirmaydi”, deydi Karni.

Avgust oyida prezident Obama kuzatish dasturini himoya qilib chiqqan edi.

"Men bir narsani yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Amerika oddiy odamlarni zimdan kuzatishdan manfaatdor emas. Razvedka xizmati xalqimizni va hamkorlarimizni himoya qilish maqsadida ma’lumot to’playdi”, - degan edi u.

Shu bilan birga AQSh rahbari ma’lumot to’plash va kuzatish amaliyotlarida oshkoralik kuchaytirilishini va’da qildi.

Snouden Rossiyada boshpana topgan. AQShda u josuslikda ayblanmoqda. Uning tarafdorlari esa butun dunyoda oddiy fuqarolar hayotiga hukumat aralashuvini kamaytirish va huquqlarini toptamaslik haqdagi bahslarga aynan Snouden sababchi bo’lganini aytadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG