Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) rahbarlarining navbatdagi sammiti bo’lib o’tdi. Tashkilot zamon talablariga moslashtirish, shuningdek, terrorizmga qarshi kurash choralari haqida gap ketdi. Yig'in ilk bor Islom Karimovsiz o'tdi. O'zbekistondan unda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qatnashdi. Rossiya, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Ozarbayjon va Armaniston prezidentlari ishtirok etdi. Qolgan a'zolardan esa diplomatlar va yuqori lavozimli rasmiylar.
Xo'sh, bu organning roli nima o'zi?
O’zining 25 yilligini nishonlayotgan ushbu tashkilotga Sovet Ittifoqi parchalanishi oqibatida vujudga kelgan 11 mustaqil mamlakat a’zo bo’lib, kuzatuvchilar uning salohiyati yildan yilga susayib borayotganini qayd etadi.
Hamdo’stlikning istiqboli qanday? Uning Markaziy Osiyodagi vazifalari, imkoniyatlari, siyosiy kuchi haqida nima deyish mumkin?
Ushbu savollar bilan “Amerika Ovozi” qirg’izistonlik tahlilchi Muhammadsoli Ismoilovga murojaat etdi.
“Hamdo’stlik - hamdo’stlik darajasida, yani nomiga yarasha bo’lgandagina uning istiqboli bo’ladi. Afsuski, hozircha qabul qilingan ko’p qaror-hujjatlar qog’ozda qolib ketayapti”, - deydi suhbatdosh.
Ekspert fikricha, MDHning Markaziy Osiyo uchun ahamiyati katta.
“Aslida mintaqaning besh o’lkasi halqlari azaldan qardosh, qon-qarindoshlikda yashab kelgan. Ushbu munosabatlarni qadrlamoq va mustahkamlamoq lozim. Bu o’rinda mintaqa davlatlari ayniqsa an’anaviy savdo-sotiqni qayta shakllantirishlari darkor. MDH aynan Sovet Ittifoqi davrida shakllangan iqtisodiy, siyosiy, madaniy rishtalarni asrab qolish maqsadida tuzilgandi”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.
Suhbatdosh fikricha, Hamdo’stlikning kuch-e’tibori va samarasini oshirish uchun tashkilot a’zolari orasida o’zaro ishonch hamda oldinga intilish talab qilinadi.
MDH keyinroq tashkil topgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi kabi uyushmalarning soyasida qolib ketmayaptimi?
“Asilda MDHning shartlari yumshoqroq, ular sobiq Sovet Ittifoqi o’lkalarining imkoniyatlarini hisobga oladi. Gap faqat ushbu uyushma salohiyatidan foydalana bilishda”, - deydi tahlilchi.
Muhammadsoli Ismoilov deydi-ki, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi a’zo mamlakatlar orasida mavjud bahsli masalalar, tortishuvlarni hal qilishda faol bo’lgani ma’qul. Aytaylik, Markaziy Osiyoda oqin suv, baland to’gonlar qurilishi, chegara muammolari dolzarbligi ma’lum. Tashkilot nufuz-e’tiborli maslahatchi, astoydil o’rtamchi, so’zi o’tadigan hakam rolini bajarishi maqsadga muvofiq.
Samarali ishlar o’z navbatida tashkilotga hurmat-ishonch, qudrat keltiradi, deya xulosa qiladi Muhammadsoli Ismoilov.