Minskda Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) sammitida so'zlagan O'zbekiston rahbari Islom Karimov Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoni bu tadbirda qatnashmaganini no’to’gri qaror deb baholab, tashkilot faoliyatini ham tanqid ostiga olgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Islom Karimovga ko’ra butun dunyo yaqin bir yildan buyon Ukrainadagi voqealarni kuzatib kelayotgan bir paytda, Poroshenkoning sammitga kelib vaziyat haqida axborot berishi Ukraina muammosiga yechim topishga yordam berishi mumkin edi.
“Agar u [Poroshenko] bugun bu yerda chiqish qilganida edi, bizda Ukraina inqirozini yechish bo’yicha tasavvurlar yanada oydinlashardi”, - dedi Karimov sammitdagi chiqishida. (VIDEO quyida)
O’zbekiston rahbari fikricha, Poroshenko MDHdan chiqish yoki chiqmaslik bo’yicha ikkilanib turibdi. Karimov MDH liderlari Ukrainaning yangi prezidenti bilan uchrashuv o’tkazmaganiga ham ahamiyat qaratdi.
“Kim oxirgi paytda Poroshenko bilan yuzma-yuz uchrashdi? U Yevropaning juda ko’p davlatlarida bo’ldi”, - dedi prezident, Poroshenkoning MDH sammitiga kelmaslik qarorini qoralar ekan.
Karimov Ukraina inqirozi bo’yicha tomonlarni Minskdagi kelishuvlarni bajarishga, kuch ishlatishdan voz kechishga chaqirdi. U MDHning hozirgi holatdagi sammitini piar, ya’ni xo’jako’rsinga uyushtirilgan tadbir deb baholab, tashkilot jiddiy islohotlarga muhtoj deya ta’kidladi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning matbuotdagi izohiga ko’ra Poroshenkoning sammitda qatnashishi Ukraina mojarosi yechimiga ta’sir o’tkazmas edi, MDHda bunday vakolat yo’q.
Ukraina MDH va uning a’zolarini inqiroz paytida mamlakatni qo’llovchi aniq pozitsiya bildirmaganlikda ayblaydi. Tashkilot, Kiyev nazarida, Rossiya manfaatlari uchun xizmat qilib kelmoqda.
Ukraina MDHdan chiqish bo’yicha rasman murojaat qilmagan. Minskdagi sammitda uning Belarusdagi elchisi ishtirok etgan.
Karimov Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashgan. Rahbarlar anchadan beri ko’rishmagan edi.
Lukashenko O’zbekiston bilan munosbatlar yangi bosqichga ko’tariladi degan umidda.
“Tashrifingizdan juda xursandman. Sammitga Ukraina prezidentidan tashqari hamma prezidentlar kelishdi. Ukraina elchisi shu yerda. Ammo men siz bilan ikki tomonlama munosabatlarimiz haqida gaplashmoqchi edim, chunki tomonlar o’rtasidagi potensial hozirgi mavjud holatdagidan ancha baland”, - dedi Lukashenko Karimovga qarab.
O’zbekiston rahbari jumladan shunday dedi:
“Bugun biz sammit doirasida alohida uchrashayotganimiz uchun zarurat bo’lgan deb o’ylayman. Chunki, ko’p yillardan buyon, avvalo matbuotda bizning davlatlarimiz o’rtasida ziddiyat, qarama-qarshilik mavjudligi haqidagi talqinlar mavjud. Bularni to’xtatish, nafaqat sobiq ittifoqqa, balki butun dunyoga ham ko’rsatish lozim. O’zbekiston tomoni Belarus tashqi siyosatida kechayotgan o’zgarishlarni, mamlakat xalqaro jamoatchilik uchun ochilayotganini olqishlaydi”.
Karimov Belarus delegatsiyasining AQShga qilgan yaqindagi safarini olqishlab, munosabatlarni pragmatik tarzda rivojlantirish zarur deb aytgan.
Minskdagi uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik muhokama qilingan.