AQSh Konstitutsiyasining 14-tuzatishi Amerika tuprog’ida kindik qoni to’kilganlar uchun fuqarolikni kafolatlaydi. Biroq qonundan ba’zilar o’z foydasi yo’lida foydalanmoqda.
Xorijlik ayollar farzandi Amerika fuqarosi bo’lishi uchun AQShda tug’ishga harakat qiladi. Bu galgi saylov kampaniyasida prezidentlikka da’vo qilayotgan ayrim arboblar qonunni o’zgartirishga chaqirmoqda.
Oktabr boshida tayvanlik bir ayol Tayvandan Los-Anjelesga uchib ketayotgan samolyotda farzand ko’rdi. O’sha payt samolyot AQSh havo hududida bo’lgani uchun chaqaloqqa Amerika fuqaroligi berildi. Biroq ayol Tayvanga deportatsiya qilindi. Uni viza olishda homilasi haqida yolg’on ma’lumot berganlikda ayblashdi.
Bunday holatlar ko’p bor kuzatilgan. Mart oyida federal agentlar Janubiy Kaliforniyada chet ellik ayollarga Amerikada tug’ishga yordam berish bilan shug’ullanuvchi guruhni va unga qarashli 20 ta joyni fosh qildi.
Noqonuniy guruh a’zolari, asosan, xitoylik ayollardan Amerikaga kelib, tug’ishi uchun 15 mingdan 50 ming dollargacha pul olgan.
Bu ayollarning Amerikada tug’ilgan farzandlari AQSh fuqaroligini oladi.
“Tug’ilishda beriladigan fuqarolik huquqi AQShda tug’ilgan va AQSh qonunlariga rioya qilish majburiyatini olgan har bir odamga taalluqli”, - deydi prokuror Jeyms Xo.
Uning aytishicha, qonundan mustasno toifa ham bor. Xorijiy diplomatlarning Amerikada tug’ilgan farzandlariga AQSh fuqaroligi berilmaydi.
“Amerikada tug’ilgan xorijiy sayyohlarning farzandi esa AQSh fuqarosiga aylanadi”, - deydi Xo.
Biroq huquq professori Jon Istmanning aytishicha, qonun xato talqin qilinmoqda. U hujjatdagi “AQSh qonunchiligiga amal qiladigan” degan iboraga diqqatni qaratadi.
“Agar siz mamlakatda noqonuniy yashayotgan bo’lsangiz, Konstitutsiyaning 14- tuzatishi kafolatlaydigan avtomatik fuqarolik huquqi sizga taalluqli emas”, - deydi u.
Tug’ish maqsadida Amerikaga vaqtincha kelayotgan xorijiy ayollar va ularning bolalari bu mamlakatga sadoqat bildirmagan.
“Ular ota-onasining yurtini vatan deb biladi. Qonunning xato talqin etilishi turizmdagi ana shu yo’nalishning paydo bo’lishiga olib keladi”, - deydi professor Istman.
Respublikachilar partiyasidan nomzodlarning ba’zilari, xususan, tadbirkor Donald Tramp va texaslik senator Ted Kruz, prezidentlikka saylansa, bu amaliyotga chek qo’yishga va’da berdi. Biroq buning uchun Konstitutsiyada yangi tuzatish qabul qilish kerak, bu esa juda uzoq va mashaqqatli jarayon.