Klinton: Mo’g’uliston demokratiya bobida namuna

  • Amerika Ovozi

Xillari Klinton Mo'g'uliston Bosh vaziri Suxbaatar Batbold, Ulan-Bator, 9-iyul, 2012 yil.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Mongoliyada to’xtab, demokratiyaning iqtisodiy foydasiga urg’u berdi.

Uning so’zlariga ko’ra, tashrif Amerika tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishini belgilab beradi. 10 yildan oshiq vaqt Afg’oniston va Iroqdagi harbiy kampaniyalarga berilgan Qo’shma Shtatlar endi Osiyoda diplomatik, iqtisodiy va strategik sarmoyaga e’tiborni oshirmoqda.

“Osiyo va Tinch okeani mintaqasida ochiq, barqaror va adolatli tartib qaror topishiga yordam bermoqchimiz. Bu tizimdan barcha davlat va elatlar birday foyda ko’radi”, - dedi Klinton.

Vashington Osiyoga ko’z tikayotganidan, ayniqsa, harbiy hamkorlik va fuqaro jamiyatini mustahkamlash kabi tashabbuslardan Xitoy xavotirda.
Taraqqiyotga tish-tirnog’i bilan qarshi turgan, fuqarolarning erkin axborot olish imkonini cheklayotgan hukumatlardan tubdan farq qiladi bu davlat.


Mog’uliston poytaxti Ulan-Batorda Xalqaro ayol liderlar forumida so’zlagan Klinton Xitoyni bevosita tilga olmadi. Biroq avtoritar hukumatlarni Tayvan, Birma, Tailand, Filippin va Sharqiy Timordagi siyosiy taraqqiyotdan o’rnak olishga da’vat etdi.

“Jamiyatlar o’zgarishi mumkinligidan nishona bu. Taraqqiyotga tish-tirnog’i bilan qarshi turgan, fuqarolarning erkin axborot olish imkonini cheklayotgan, tanqidiy fikr uchun odamlarni qamayotgan, aholining ovoz berish huquqini poymol etib, mansabni suiiste’mol qilayotgan hukumatlardan tubdan farq qiladi bu davlatlar”, - deydi Klinton.

Davlat kotibining aytishicha, Osiyodagi ayrim mamlakatlar siyosiy erkinlikni cheklab turib ham iqtisodiy taraqqiyotga erishgan. Lekin bu rivojlanish uzoqqa bormaydi, deb hisoblaydi u.

“Biznes uchun eshiklarni ochib, so’z erkinligini bo’g’ayotgan davlatlarga bu siyosat qimmatga tushadi. Innovatsiya kabi o’sish uchun zarur omillarni yo’q qilib, tadbirkorlikni o’ldiradi bu yondashuv”, - deydi diplomat.

“XXI asrda qit’a xalqlari nafaqat badavlat, balki erkin bo’lishini ta’minlashimiz lozim”, - dedi Klinton.

AQSh davlat kotibi 2,7 million kishilik aholisi bor Mog’ulistonda oxirgi 22 yilda bir necha bor parlament saylovlari o’tgani, jarayon xolis kechganini olqishladi.

Biroq aprel oyida sobiq prezident Nambarin Enkbayar korrupsiya gumoni bilan hibsga olingan edi. Klinton amaldagi rahbar Tsakia Elbegdorj bilan ko’rishib, qonun ijrosini diqqat bilan kuzatayapmiz, dedi.

Mog’ulistondan keyin Klinton Vyetnam, Laos va Kambojaga yo’l oladi.