Amerika Davlat departamentining e'tirof etishicha, sobiq davlati kotibi Xillari Klinton xizmat paytida shaxsiy elektron pochtasida o'ta maxfiy ma'lumotni o'z ichiga olgan 22 xatni saqlagan.
Bu maktublarda, misol uchun, uchuvchisiz samolyotlar-dronlarga doir ma'lumot bo'lgan. Ularning mazmuni jamoatchilikka oshkor qilinmaydi, chunki bari davlat sirlariga taalluqli, deydi rasmiylar.
Xillari Klinton davlat kotibi bo'lib ishlab yurganida shaxsiy elektron pochtasidan foydalangani va unda maxfiy mazmundagi maktublarni qabul qilgani uchun tanqid ostida.
Shaxsiy elektron pochta zarur himoya bilan ta'minlanmagan va davlatga doir sirli axborotni xavf ostiga qo'ygan u, deydi tanqidchilar.
Klinton xato ish qilmaganini, maktublarda maxfiy axborot bo'lmaganini ta'kidlab keladi.
Davlat departamentining mazkur bayonoti Ayovadagi qurultoyga ikki kun qolganida e'lon qilindi. Bu tadbirda fuqarolar har ikki partiyadan prezidentlikka nomzodlarni saralashga kirishadi.
Maktublarga doir oxirgi xabar demokratlardan yetakchi nomzod Xillari Klintonga qanday ta'sir qilishi Ayovadagi anjumandan so'ng bilinadi, deydi mutaxassislar.