Obama ma’muriyati iqtisodiyotni ko’tarish uchun xorij investorlarini Amerikaga kelib ishlashga da’vat etmoqda.
Shu bilan birga, AQSh kompaniyalari ham xalqaro maydonni zabt etsin, deydi u.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton hozirgi iqtisodiy sharoitda yangi ish o’rinlari ta’minotchisi - chet el sarmoyasi suv va havodek zarur, deydi.
Obama ma’muriyati 2015-yilgacha eksportni ikki karra oshirmoqchi. Janubiy Koreya, Kolumbiya va Panama bilan mavjud erkin savdo natijasida bu maqsadga yaqinlashayapmiz, lekin qator davlatlardan hamon orqadamiz, deydi Klinton.
“XXI-asrda qudratimiz faqat armiya soniga emas, nima yetishtirib sotishimiz, yangilik va kashfiyotlarimiz, ularni qanday qo’llashimizga ham bog’liq. Xitoy, Hindiston va Braziliya kabi jadal rivojlanayotgan davlatlar buni allaqachon tushunib yetgan va tashqi siyosatni iqtisodsiz yuritmaydi”, - deydi Xillari Klinton.
Klinton diplomatiyani ishga solib, AQShga ko’proq xorij sarmoyasi kirishini ta’minlamoqchi. “Mahalliy mahsulot mo’lroq qilib chetga sotilsin, barcha kompaniyalar teng raqobat qila olsin”, deydi u, Qo’shma Shtatlar Davlat departamenti buning uchun bor irodasini qo’llaydi”.
AQSh ayniqsa korrupsiya, intellektual mulkni o’g’irlash va biror kompaniyani ustun qo’yishdek holatlarga qarshi kurashib keladi. Global iqtisodiy tizim shaffof va xolis bo’lishi lozim, deydi Xillari Klinton.
Klinton qaysi davlatga safar qilmasin, biznes doiralar bilan uchrashishga va’da berdi. Amerikada ishsizlik darajasi sal pastlab, hozir 8,3 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi to’rt yilda ilk bor ishsizlik uchun moliyaviy yordam so’ragan fuqarolar soni kamaygan.