Hillari Klinton demokratlarning asosiy nomzodi bo'lishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Hillari Klinton - sobiq prezidentning rafiqasi, sobiq senator va sobiq davlat kotibi

Demokratik partiyadan prezidentlikka besh kishi da’vogar. Ular orasida Hillari Klinton eng tanilgani. Sobiq prezidentning rafiqasi, sobiq senator va sobiq Davlat kotibi. Umri siyosatda o’tayotgan ayol. Nevada shtatining Las Vegas shahrida 13-oktabr kuni kechgan debatda boshqa nomzodlar ham o’zini ko’rsatishga harakat qildi. Biroq Klinton ulardan har tomonlama ustun ekani namoyon bo'ldi, deydi bahsni kuzatgan siyosatdonlar. Raqiblar Klinton atrofida birlashayotgani sezildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Las vegas: Demokratlar debati - Saylov-2016 - Navbahor Imamova

Hillari Klinton va Berni Sanders yuzma-yuz olishadi deya kutilgan edi, biroq Vermont senatori sobiq davlat kotibi bilan ko’p jihatdan hamfikr. Sanders reytinglarda Klintondan keyin ketmoqda.

Klinton davlat ishida shaxsiy elektron pochtasidan foydalangani shov-shuv ko’targan. Sanders bu safsata, deydi.

“Bilasizmi, shu mavzu jonga tegdi. Qo’pol bo’lsa ham aytaman: Klinton xonim haq, bas qiling bu mashmashani. La’nati elektron maktublardan charchadik”,- deydi Sanders.

“Amerika xalqini haqiqatda qiynayotgan masalalarni muhokama qilaylik”,- deydi senator.

Suriya va Rossiya yuzasidan ikki yetakchi demokrat sal boshqacha pozitsiyada.

Klinton:

“AQSh Rossiya rahbari Vladimir Putinga shuni aniq bildirishi kerakki, u Suriyani yanada beqarorlashtirmasligi kerak. Bashar al-Assad nomidan bu xalq ustiga bomba yog’dirmasin”.

Sanders:

“Qo’shma Shtatlar yangi urush yoki harbiy amaliyotlarga bosh suqmasligi uchun qo’ldan kelgan barcha chorani ko’raman. Iroq davlatimiz tarixida tashqi siyosat bobida qilingan eng katta xato”.

Merilend shtati sobiq gubernatori Martin Omalli bu fikrga qo’shilmadi.

“Harbiy chora oxirgi yo’l bo’lishi kerak. Lekin Amerika bunga hamisha tayyor turishi lozim”,- deydi Omalli.

Roud Ayland shtati sobiq gubernatori Linkoln Chefi Hillari Klintonni Iroq yuzasidan xatolarda aybladi.

“Iroqda ommaviy qirg’in qurollari yo’q edi. Klinton buni izchil o’rganmay urush uchun Senatda ovoz bergan”,- deydi Chefi.

Demokratlar debati, 13-oktabr, 2015, Leas Vegas, Nevada shtati

Virjiniya shtati sobiq senatori Jim Veb Xitoyga ahamiyat qaratdi.

“Xavfsizligimiz, manfaatlarimiz va iqtisodiyotimiz haqida jiddiy o’ylayotgan odam avvalo Xitoy bilan aloqalarimizni mustahkamlash kerakligini tushunishi lozim”,- deydi Veb.

Demokrat nomzodlar qurolga egalik va qurol nazorati xususida ham bahslashdi.

“Janob Sanders qurol ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini himoya qilgan. Bu sir emas. Qurol sanoatini javobgarlikka tutib, nazoratni kuchaytirmas ekanmiz, qatliomlar, yurtimizda qurolli hujumlar davom etaveradi",- deydi Klinton.

Merilend shtati sobiq gubernatori Martin Omalli (chapdan) va Roud Ayland shtati sobiq gubernatori Linkoln Chefi