Klinton Pensilvaniyada saylovchilar bilan uchrashadi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Hillari Klinton 15-avgust kuni Pensilvaniya shtatida saylovchilar bilan uchrashadi. Unga Vitse-prezident Jo Bayden hamroh. Pensilvaniya Klinton uchun begona joy emas, uning otasi Skrenton shahrida tug’ilgan. O’zi ham bolaligida yoz oylarini shu yerda o’tkazgan.

Skrentondagi restoran egasi Pol Kuper 1993-yilda Bill va Hillari Klintonlar bilan uchrashganini yaxshi eslaydi. Bill o’shanda endi saylangan edi.

“Menda juda ijobiy taassurot qoldirishgan. Restoranimga kelishgani hech esimdan chiqmaydi. Olijanob odamlar”, - deydi Kuper.

Klintonlar 23 yil ilgari Pol Kuperning restoranida ta’ziya marosimi o’tkazishgan. O’shanda Hillari Klintonning otasi Hyu Rodam 82 yoshida vafot etgan edi.

Skrenton shahri anchadan buyon AQSh Demokratik partiyasi qo’rg’oni hisoblanadi, ammo oq tanli ishchilar orasida Donald Trampga ergashayotganlar ham bor. Zavodlar yopilib, ishsizlikdan qiynalayotgan jamoalarda Trampni xush ko’rishadi, deydi tahlilchi Kristofer Borik.

“Lekin Skrentonni baribir demokratlar ilib ketadi. Ayniqsa Hillari Klinton va uning oilasi bu yerda o’z tarixiga ega ekanini hisobga olsak. Demokratlar bu shaharda chuqur ildiz otgan. Shuning uchun Donald Trampga qiyin bo’ladi”, - deydi Borik.

Hillari Kintonga bu joylar begona emas. Uning bobosi uzoq yillar Skrenton zavodida ishlagan. Zavod bir asrlik faoliyatidan keyin 2002-yilda yopilib ketdi.

O’tgan yillar mobaynida ko’plab fabrikalar ham yopildi. Hududda ishsizlik sur’ati oshdi.

Shu yerda tug’ilib o’sgan Marti Kor sanoat gullab-yashnagan davrlarni yodga oladi.

“15 kilometr yo’l bossangiz, 10 ta fabrikaga ko’zingiz tushardi. Haydovchi bo’lganman, mahsulot tashiganman”, - deydi otaxon.

Uning o’g’li Marti Kor Junior Danmor shahrida oilaviy restoranni yuritadi.

“Aka-ukalar” nomli restoran Hillari Klinton sharafiga “Prezident xonim” degan yangicha pitsa yaratib, ommaviy axborot vositalarida doston bo’ldi. Klinton aprel oyida bu mahallada bo’lib, Marti Korning qizi bilan shaxsan uchrashdi.

“Shahrimizdan yana qaysi qizaloq Klinton bilan ko’rishgan? Pitsamiz bilan tanildik. Klinton dono ayol, prezident bo’lsa arziydi. Yosh qizlarga namuna bo’layotganini aytmaysizmi”, - deydi restoran egasi.

Marti siyosatni yoqtirmaydi, lekin siyosatchilarga gapi bor.

“Oddiy mehnatkashlar haqida qayg’uring. Biz shu yerda oila boqamiz, biznes yuritamiz. Amerika bu – biz. Tramp emas, Klinton ham emas”, - deydi Marti.

Saylov yaqinlashar ekan, u singari tadbirkorlar nomzodlar bizga quloq tutadi degan umidda.