Hillari Klinton Amerikani porloq kelajak sari yetaklay oladigan o'tkir siyosatchi va kuchli lider, deydi Prezident Barak Obama. "Davlat rahbarining ishi qanchalik qiyin ekanini mendan so'rang, Klinton bu vazifani eplay olishiga ishonchim komil",- dedi u bugun Oq uydan turib so'zlar ekan.
Lekin Klintonning demokrat raqibi Berni Sanders hali poygadan chiqqani yo'q. Kelasi hafta poytaxt Vashingtonda partiyaviy saylovlar. Shu bilan nomzodlarni saralash jarayoni nihoyasiga yetadi. Iyul oyida partiyaviy qurultoy.
Obama bugun Sanders bilan Oq uyda gaplashdi. Muloqot ketidan matbuot xodimlari bilan gaplashgan Sanders prezidentlik uchun oxirigacha kurashishini aytdi. Lekin, dedi u, respublikachi Donald Tramp Oq uyga saylanmasligini ta'minlash eng asosiy maqsad.
Klinton va Tramp orasida prezidentlik uchun bellashuv avj olishi kutilyapti.
Demokratlar partiyasida tarixiy voqea. Hillari Klinton - yirik partiyadan oliy lavozimga nomzod bo'layotgan ilk ayol.
Respublikachi raqibi Donald Trampga qarshi u keskin tanqidlarini allaqachon boshlab yubordi.
"Biz birgalikda kuchlimiz. Bu saylovga ko'p narsa tikilgan. Tanlov esa kundek ravshan. Donald Tramp fe'l-atvori yuzasidan prezidentlik va bosh qo'mondonlikka noloyiq", - dedi Klinton.
7-iyun kuni o'tgan olti shtatdagi saylovning to'rttasida, xususan, Kaliforniyada Klinton Sandersdan ustun keldi. Ammo Sanders hanuz taslim bo'lgani yo'q.
"Oldimizdagi kurash juda-juda qiyin. Ammo har bir ovoz va har bir delegat uchun kurashni davom ettiramiz", - dedi Sanders.
Donald Tramp ham Klintonning davlat kotibi sifatidagi faoliyatini va Klinton jamg'armasining pul olish amaliyotini keskin tanqid qilmoqda.
"Hillari Klinton Davlat departamentini shaxsiy jamg'armasiga aylantirib oldi. Ruslar, saudiyaliklar, xitoyliklar, hammasi Bill va Hillariga pul berib, evaziga nimadir oldi", - deydi Tramp.
Respublikachi nomzod AQSh federal sudyasini asli meksikalik ekaniga pisanda qilib, unga aloqador ishni xolis ko'ra olmasligini aytgach, keskin tanqidga uchradi.
"Bir odamni irqi tufayli ishini bajara olmaslikda ayblash ayirmachilikning haqiqiy ta'rifiga o'xshaydi. Bu fikrdan darhol voz kechish kerak. Bu qabul qilib bo'lmaydigan holat. Hillari Klinton yaxshiroq muqobil bo'la oladimi? Yo'q, bo'la olmaydi", - deydi yetakchi respublikachilardan Pol Rayn.
Senator Mark Kirk Trampni ortiq qo'llab-quvvatlamasligini bildirdi.
"Linkoln partiyasiga mutlaqo yarashmaydigan irqchilik va ongsizlik bu", - dedi u.
Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi esa Trampni himoya qildi.
"Oldin ham aytganman, Donald Trampni 14 yildan beri bilaman. U irqchi emas", - dedi Kristi.
Klinton ommaviy so'rovlarda biroz oldinda ketmoqda, deydi tahlilchi Kayl Kondik.
"Klintondagi barqarorlik va Trampdagi radikal o'zgarishlar o'rtasidagi tanlov bu. Odamlar o'zgarishlarni uncha xohlamasligi mumkin. Siyosiy tomondan emas, balki katta tavakkalchilik ekani uchun. Klinton aytayotgan asosiy gap shuki, Trampni saylash xatarli", - deydi Kondik.
Kondik kelasi besh oy davomida prezidentlik kampaniyasi dahanaki janglar bilan o'tishini taxmin qilmoqda.