Ko'mir bilan tanilgan Vayoming shtatida konlar birin-ketin yopilmoqda

  • Amerika Ovozi

Osiyoda ko’mirga talab oshib borayotgan bir paytda AQSh va Yevropaning katta qismlarida ko’mir sanoati torayib bormoqda. Chunki bizneslar energiya olishning muqobil, arzonroq usullariga o’tmoqda. Qolaversa, global iqlim bilan bog’liq xavotirlar ko’mirni bozordan siqib chiqaryapti. AQShning ko’mirga asoslangan, bu sanoatdan kun ko’rgan shahar va qishloqlarida tirikchilik juda qiyin. Ko’mir konlari bilan tanilgan Vayoming shtatidagi ahvol bilan tanishdik.

Vayomingdagi ulkan shaxtalarda qazib olinadigan arzon ko’mir Jorjiyadan tortib Oregongacha, qator shtatlarga yetkaziladi.

Toza energiya manbalari bozorni qamrab olar ekan, Vayomingdagi ko’mir kompaniyalari yaqingacha mutlaqo beparvo edi, deydi iqtisodchi Robert Godbi.

“Bu kompaniyalar hech qachon moliyaviy jihatdan qiynalmagan, yaxshi daromad qilgan. Biroq so’nggi bir necha yilda vaziyat o’zgardi”, - deydi u.

Joriy yilda shtatda ikki ko’mir kompaniyasi kasodga uchradi.

“Darvozalarni yopishdi, ishchilarni uyiga jo’natishdi. Hamma hushyor tortdi, chunki ular hech qachon bo’lmaydi degan ishlar sodir bo’ldi”, - deydi Melissa Vorden.

Vorden yaqingacha AQShda ko’mir ishlab chiqarishda yetakchi deb tilga olingan “Blekjuel” korxonasida ishlagan. Bankrotlik ketidan 600 kishi ishidan ayrildi.

“Qiyin ahvolga tushib qoldik. Amallab kun ko’ryapmiz. Eng qiyini - uy qarzini to’lash”, - deydi Rori Volet.

Volet ham “Blekjuel”da ishlagan. Konchilik bilan yaxshi pul topardik, imtiyozlar ham bor edi, deydi u.

“Konda ishlash to’q hayot degani, topganingiz yashashga yetadi. To’rt farzandim bor. Ularni ishim orqali sug’urta bilan ta’minlar edim. Uy to’lovlari bilan ham muammo yo’q edi”, - deydi suhbatdosh.

“Shahrimiz iqtisodiyotini ko’mir sanoati tebratadi - mulk solig’i, savdo solig’i”, - deydi Luis Karter-King, Vayomingdagi Jilet shahri meri.

Bu yerda bir necha konlar joylashgan. Uning aytishicha, shahar yangi sanoatlarga muhtoj. O’tgan yili ko’mir zavodlaridan birining qoshida laboratoriya ochildi. Unda bir guruh tadqiqotchilar karbonat angidrid gazidan mahsulot yaratish bo’yicha sinovlar o’tkazmoqda. Raqobat asosida.

“Eng yaxshi reja bilan chiqqan guruh 10 million dollar mukofot oladi. Lekin boshqa g’oyalarni ham ko’rib chiqamiz, ular ham yangi sanoatlar yaratilishiga turtki berar”, - deydi mer.

Bu kabi texnologiyalar iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda ham muhim deb ko’rilmoqda. Tabiiy ofatlar tez-tez bo’layotganini kuzatayotgan Rori Voletning ko’mirdan biroz hafsalasi pir.

"Ochig’i, fikrim biroz o’zgardi. Lekin baribir konchilik sohasida ish topishga harakat qilaman. Yaqin atrofda bo’lmasa, boshqa joyda topiladi. Konchilik bizning hududda hayotning bir qismi, kasbim o’zimga yoqadi”, - deydi Rori Volet.

Ammo Jilet shahrida ko’pchilik ko’mirchilikning kelajagi yo’qligini biladi.

“Endi nima bo’ladi? Hamma shu savolga javob qidiryapti. Shahrimiz o’ylab bir qarorga kelishi kerak. Qo’shma Shtatlar rivojiga qanday hissa qo’sha olamiz? Ko’mir yoqmasa, chiroqlaringizni o’chirib o’tiring, deya olmaymiz. Bunday gaplar o’tmishda qoldi”, - deydi Melissa Vorden.

Jilet shahri va ko’mir sanoati uchun hozircha kelajak mavhum.