Aksar amerikaliklar kunni kofe bilan boshlaydi. “Starbucks” qahvaxonasi ilk do’konini 1971-yilda Vashington shtati, Sietl shahrida ochgan. Hozirda 30 mingga yaqin filiali bor. Markaziy Osiyoda hozircha faqat Qozog’istonda. Ammo Qo’shma Shtatlarda mijozlarga antiqa usullar bilan qahva damlab beradigan kichikroq qahvaxonalarning ham bozori chaqqon.
“Slowbar” do’konida bir chashka kofe damlash 15 minutgacha vaqt olishi mumkin. Qahva qaynatishning eng qadimgi usullaridan biri bu - vakuum idishdan foydalanishdir. Pastki idishni qizdirish va sovutish bug’ bosimini o’zgartiradi. Natijada suv avvaliga yuqoridagi idishga ko’tariladi, so’ng pastki idishga quyiladi.
“Bir chashka ajoyib, toza qahva chiqadi. Ikkita filtrdan o’tkazamiz, chashka tagida quyqa ko’rmaysiz, tiniq. Shirin ta’mi bor, kislotalilik darajasi ham joyida”, - deydi kofechi Jeyk Donagi.
Bunday sekin usulda damlangan kofe 12 dollarga tushishi mumkin. Arziydi, deydi ayrimlar.
“Yilning to’qqiz oyi shahrimizda yomg’ir yog’adi, bulut. Kayfiyatni ko’tarish uchun bir nima qilish kerak, bo’lmasa charchaysiz. O’zim ham kuniga 4-5 chashka kofe ichaman”, - deydi suhbatdosh.
Qahvaga innovatsion yondashuv sharofati bilan bu sanoatga yangi kompaniyalar kirib kelmoqda. Bu kafeni ochganlardan biri tarixchi, yana biri antropolog. Har ikkisi doktoranturani tugatganidan keyin biznesga kirgan.
Kafe egasi Pippo Bui fikricha, yaqin orada Qo’shma Shtatlarda yomon kofe degan narsaning o’zi qolmaydi. Qog’oz stakanni ko’tarib olib, qahvani to’ldirib ichib ketaveramiz, lekin bu o’zgaradi, deydi u.
“Nazarimda, Amerikada odamlar, agar hamyoni ko’tarsa, pullarini o’z qadriyatlariga mos joylarda sarflashadi, sarmoya qilishadi”, - deydi Bui.
Yangicha qahva madaniyatini shakllantirish uchun ushbu kafe egalari ishchilarini Janubiy Amerikadagi kichik fermalarga jo’natishgan. Kofe qanday o’stirilishi va terib olinishini ko’rish, yangi ichimliklar tayyorlashni o’rganish uchun.
Sietldagi boshqa qahvaxonalar ham bu yondashuvni olqishlaydi. Ular nazarida shaharda boshlangan kofe inqilobi natijalarga arziydi.