Kolorado shtati aholisi noyabrdagi saylovda nafaqat prezident uchun ovoz beradi. Shtatda tibbiy sug’urtani tubdan o’zgartirib, notijoriy tizimga aylantirish masalasi ham ovozga qo’yiladi. Bu tashabbusning tarafdorlari ham, tanqidchilari ham ko’p.
Sog’liqni saqlash Amerikada murakkab masala.
Koloradoda ikki ayol mahallani aylanib, eshik qoqadi. Hozirgi tizimning nuqsonlarini odamlarga tushuntirib, yechim taklif qiladi.
Taklif Kolorado qonunlarini o’zgartirishdan iborat. Agar ovozdan o’tsa, shtatda tijoriy sug’urta kompaniyalari taqiqlanadi va soliqlar hisobiga markazlashgan bir tizim yaratiladi.
Kasal qiziga ibbiy sug’urta topishda qiynalgan Juli Perla fikricha, faqat daromad haqida o’ylaydigan kompaniyalardan voz kechish kerak. Ammo tizimni o’zgartirish oson emas.
“Korporatsiyalar, milliarderlar tizimni o’zgartirishga mutlaqo qarshi. O’zimizga tayanamiz”, - deydi u.
Tashabbus tarafdorlari ko’ngillilar ishlab chiqqan applikatsiyalar bilan, shuningdek, fleshmob, majlislar va uyma-uy yurib, saylovchilar bilan bog’lanmoqda.
Koloradolik senator Iren Agilar sog’liqni saqlash sistemasini isloh qilish uchun yetti yildan beri kurashadi. Uning yordami bilan minglab imzo to’plandi, masala noyabrda ovozga qo’yiladi.
“Sog’liqni saqlash bozorda olib sotadigan mahsulot emas, bunday qarashdan voz kechishimiz kerak. Aks holda, bu sohada qallobliklar davom etaveradi”, - deydi u.
Sug’urtaga oid yangi qonun, deydi qarshilar, shtat byudjetiga og’ir tushadi.
Soliqlar ko’tarilsa, xususan kichik bizneslar ziyon ko’radi, deydi doktor Erin Seyn.
“Meniki kabi kichik xususiy klinikalar qanday ishlasin?”, - deb so’raydi u.
Kolorado ovozga qo’yayotgan reformalar, Seyn fikricha, muolaja va dorilar narxini pasaytirmaydi. Tibbiy xizmatlar narxi yil sayin oshib bormoqda.
“Xizmatlar sifatli, arzon bo’lishini istaymiz. Lekin noyabrda ovozga qo’yilayotgan dastur mavjud muammolarni hal qilmaydi”.
Amerika boshqa rivojlangan davlatlarga qaraganda sog’liqni saqlashga eng ko’p pul sarflaydi, lekin bu aholi shunga yarasha sog’lomroq degani emas.