AQSh Kongressida qurol savdosini cheklashga jasorat bormi?

  • Amerika Ovozi

Texasdagi maktabda ommaviy otishma natijasida 19 ta yosh o’quvchi va ikki nafar o’qituvchi otib o’ldirilishi ketidan AQSh qonunchilari qurol xaridorlarini qattiqroq surishtirishga doir qonun loyihasiga ovoz beradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 26-may, 2022-yil

Texasning respublikachi gubernatori Greg Ebbot qurol savdosini cheklashga doir choralarga qarshi ekan, ruhiy salomatlikni yaxshilashga qaratilgan xizmatlarni kuchaytirishga chaqirdi.

“Texasdagi maktablardan ko’ra Chikago shahrida har dam olish kunlari ko’proq odam o’q yeb turadi. Qurol nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonunlarni bu yerda qabul qilgan bilan muammo hal bo’ladi deb o’ylayotganlar Chikago, Nyu-York, Los-Anjelesdagi vaziyatga nazar tashlasin”, - dedi hokim.

Prezident Bayden hozircha demokratlar nisbatan ko’pchilikni tashkil etayotgan Kongressni yangi qonunlar qabul qilishga chaqirdi.

“Qatliomlarni butunlay to’xtata olmasak-da, ularning sonini kamaytirish uchun qachon tegishli chora ko’ramiz?”, - dedi Bayden.

Demokratlar bunga tayyor.

“Amerikaning qurol epidemiyasiga dunyodagi hech bir mamlakat teng kelolmaydi. Hech bir amerikalik bundan himoyalanmagan. Amerikaliklar bunday vaziyatdan charchagan”, - deydi Senatda demokratlar sardori Chak Shumer.

Ba’zilar qurol sanoatini qurol nazoratini kuchaytirishga qarshilik ko’rsatayotganlikda ayblamoqda.

“Qurol sanoati mana shunday ommaviy otishmalardan so’ng qonunlarni o’zgartirishga doir har qanday muhokamani bo’g’ishni xohlaydi, chunki aynan shunday paytda xalq siyosiy o’zgarish talab qilishini biladi”, - deydi demokrat senator Kris Myorfi.

Respublikachilar fojia ko’lamini tan olgan holda amerikaliklarning Konstitutsiyada bitilgan qurolga egalik qilish huquqining cheklanishiga qarshi.

Shu kunga qadar har bir ommaviy otishmadan so’ng avj olgan norozilik namoyishlarining birortasi Kongressni qurollarni cheklashga doir qonun qabul qilishga majburlay olmadi.

“Ba’zilar islohotlarni targ’ib qilayotgan siyosat Yangi Zelandiya modeli bo’yicha qurol musodarasiga olib keladi deya taxmin qilmoqda. Biroq bunday siyosat taklif etilayotgani yo’q. Taklif etilgan ko’plab qonunchilik hujjatlarida ommaviy otishmaga qo’l urmoqchi bo’lgan odamlarga qandaydir bo’lsa ham to’siq qo’yish ko’zda tutilgan”, - deydi Texas universiteti eksperti Metyu Valentayn.

O’tgan yili o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, amerikaliklarning yarmi qurol bilan bog’liq zo’ravonliklarni jiddiy muammo deb biladi hamda demokratlar va respublikachilarning katta qismi qurol sotishdan oldin xaridorni surishtirish tarafdori.