AQShda moliyaviy tortishuvlar sabab yillardan buyon byudjet qabul qilinmaydi. Hukumat o’zini qisqa muddatli hujjatlar bilan moliyalab kelmoqda. Navbatdagisi 19-yanvargacha qabul qilinishi lozim. Ikki partiya bir-biriga shartlar qo’yish bilan band, ayniqsa immigratsiya masalasida.
Prezident Donald Tramp Oq uyda qonunchilar bilan immigratsiya haqida gaplashdi.
“Keng qamrovli qonun qabul qilishga yaqin turibsiz. Yordam kerak bo’lsa, tayyorman”, - deydi u.
Uning partiyadoshlariga ko’ra, islohot to’rt narsani qamrab oladi.
“Hujjatsiz muhojirlar qanchalik imtiyoz oladi, buni hal qilishimiz kerak. Ikkinchi masala - chegara xavfsizligi. Shuningdek, grin karta hamda zanjirli migratsiya”, - deya tushuntirdi senator Jon Kornin.
Vakillar palatasida bularning hammasini o’z ichiga olgan qonun loyihasi taqdim etildi.
“Bizning takliflarimiz kuchli va adolatli. Immigratsiya sohasida amaldagi qonunlar ijro etilishini ta’minlaydi, toki odamlar noqonuniy kirib, mamlakatda qolib ketmasin”, - deydi kongressmen Raul Labrador.
Qonun loyihasi chegarada devor qurishni moliyalaydi. Hujjatsiz muhojirlarga uch yillik qonuniy maqom beradi, lekin grin karta olishiga yo’l qo’ymaydi. Demokratlarga bu ma’qul emas. Ular o’z talablarini olg’a surmoqda.
“Prezident bu ishlarni ikki bosqichda qilishga rozi. Mart oyigacha kuta olmaymiz. AQShda ulg’aygan muhojirlarni himoya qilishimiz kerak”, - deydi kongressmen Steni Xoyer.
Qisqa muddatli byudjet qabul qilish uchun vaqt oz qoldi. Hukumat idoralari yopilishi mumkin.
Senator Mitch Makkonnel prezidentga imzo uchun immigratsiyaga doir alohida, byudjetga doir alohida loyihalarni uzatish istagini bildirmoqda.
Tahlilchi Molli Reynolds deydiki, Prezident Tramp muayyan bir pozitsiya bilan chiqmagani, partiyadoshlarini bir yechim atrofida birlashtira olmagani masalani chigallashtiradi.
Kelishmovchiliklar ustida hukumat yopilishini hech bir partiya istamaydi. Muzokara davom etmoqda.