Amerika qonunchilik organi Kongressga bu yili har qachongidan ko’p xotin-qizlar saylandi.
Endi 435 o'rinlik Vakillar Palatasida 80, 100 o'rinlik Senatda esa 20 ayol arbob bo’ladi. Aksariyati Demokratik partiya a’zolari.
Your browser doesn’t support HTML5
Endi 435 o'rinlik Vakillar Palatasida 80, 100 o'rinlik Senatda esa 20 ayol arbob bo’ladi. Aksariyati Demokratik partiya a’zolari.
Vakillar palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosi deydiki, bu qadar ko’p demokrat ayol saylangani uni ruhlantirgan.
“Shunday ekan, quyi palatada demokratlar sardori lavozimida qolmoqchiman. Shu haqda ariza yozdim”, - dedi u.
Nensi Pelosi Vakillar palatasi spikeri lavozimida ikki muddat xizmat qildi. Amerika tarixidagi ilk spiker ayol u.
Yangi Senatdagi 20 ayolning 16 nafari demokrat, qolgani respublikachi.
Quyi palataning yangi vakilasi, Florida shtatidan demokrat Luis Frankel nazarida ayol siyosatchilar yondashuvi boshqacha.
“Erkaklardan farqli, ayollar ham oila, ham ishni birday olib borishga o’rgangan. Ota-onaga ham e’tibor asosan ular bo’ynida”, - deydi u.
Tahlilchi Jess Makintosh fikricha, katta lavozimga chiqqan ayollar murosaga moyilroq bo’ladi. Amerika byudjet kamomadi bilan yuzlashib turgan bir pallada bu muhim.
“Siyosiy tarqoqlik bu qadar kuchli bir paytda kompromissga boradigan arboblar saylangani yaxshi. Mamlakat joyidan siljishi osonroq bo’ladi”, - deydi Makintosh.
Amerika Universiteti olimasi Jennifer Loless Kongressda ayollar qo’llab-quvvatlanayotganidan mamnun.
Lekin hali qilinadigan ishlar ko’p. Qo’shma Shtatlarda aholining 50 foizi xotin-qizlar, lekin boshqaruv lavozimlarida ular hamon ozchilik, deydi u.
Qonunchi ayollar soni jihatidan Amerika boshqa rivojlangan davlatlardan orqada. Xotin-qizlarning Kongressning atigi 17 foizini tashkil etadi.
Nensi Pelosi fikricha, u singari avvalo bolalarini katta qilib, ularni oliygohlarga kuzatib, keyingina siyosatga vaqt topgan onalarni tushunsa bo'ladi.
Ayol zoti uchun oila har narsadan muqaddas, deydi u, ammo xotin-qizlar ham teng huquqli fuqarolar va siyosiy qarorlar ularning hayotiga har tomonlama ta'sir ko'rsatadi. Bu degani ayollar ham jamiyatda muhimroq rol o'ynay olishi lozim.
Pelosi xonim besh farzandning onasi. Sakkiz nabirasi bor. 72 yoshni qarshilagan qonunchi Kongressga 47 yoshida, eng kenja qizi maktabni bitirgan yili saylangan.