Breaking News

Obama g'alabasi ortida asosan yoshlar, ayollar va latinolar turibdi


Prezident Obama va rafiqasi Mishel
Prezident Obama va rafiqasi Mishel
Prezident Barak Obamani Oq uyga qayta saylashda katta rol o’ynaganlar – ayollar, ozchilik elatlar va yoshlar bo’ldi. To’rt yil avval ham bu qatlam Obamaga kuchli dalda bergan edi.

Obamaning tarafdorlari uning g’alabasini tantana qilayapti.

Shodon bu insonlarga razm solib, demokrat prezidentni tog’day suyab turganlar kim ekanini ko’rish mumkin. Rangba-rang, yosh koalitsiya bu.

Obama xotin-qizlar, afro-amerikaliklar, lotin amerikalik va yosh saylovchilarga rahmat aytishi kerak, deydi tarixchi Allan Lixtman:

“Ayollar va ozchilik guruhlar Barak Obama uchun kuchli richag rolini o’tadi. Respublikachilar darrov xulosa chiqarib, faqat oqlar ovoziga ishonib, g’alaba qozonish mumkin emasligini anglashi darkor. Jamiyat tarkiban tez o’zgarayapti”.

Vashingtonda Mitt Romni deb chiqqanlar asosan oqlar edi. Mag’lubiyat alam qildi, hafsala pir bo’ldi.

Respublikachi nomzod saylovda aynan oqlar tomonidan siylandi-yu, xotin-qizlar, yoshlar va ozchilikning ko’ngliga yo’l topa olmadi.

Respublikachi strateg Ford Okonnel yondashuvni o’zgartirish kerak, deydi:

“Respublikachilar odatiy muhitdan boshini chiqarib, sal kengroq boqishi, har xil sinflar orasiga chuqurroq kirib borishi kerak. Chunki, bilamizki, jamiyatda va ayniqsa ozchilik elatlar orasida respublikachilar haqida eski, yanglish qarashlar bor. Bu tasavvurni tuzatish esa Respublikachilar partiyasiga qolgan masala”.

Ronald Reygan 1980-yilda prezidentlik kursisini qo’lga kiritganida oq saylovchilar elektoratning 85 foizini tashkil etgan. Joriy yil ular 72 foiz.

Bundan tashqari, respublikachilar oldida yoshlarni jalb qilishdek mushkul vazifa turibdi, deydi so’rovlar bo’yicha mutaxassis Skott Rasmussen:

“Amerika siyosatiga kelganda avlodlar qarashlari tubdan farq qiladi. 40 yoshdan kattalar gubernator Romni tarafida. 40 qa yetmaganlar Obama tomonida”.

Respublikachilar AQShning tobora tuslanib borayotgan demografiyasiga moslashsin yoki mag’lubiyatga o’rgansin, deydi tahlilchi Tomas Mann:

“Yosh saylovchilar faol qatnashmaydi degan o’y bor edi. Holbuki, 2008-yil bilan qiyoslaganda ular bu safar aktivroq bo’lib chiqdi. Afro-amerikaliklar hamon 13 foiz atrofida, to’rt yil oldingidek. Xullas, strategiyani o’zgartirish kerak, bu haqda jiddiy gaplashib oladigan fursat yetdi”.

Respublikachilar partiyasi faqat yoshi katta, oq saylovchilar gurungi bilan cheklanar ekan, demokratlar g’alabasi odatiy holga aylanib boraveradi.

Obama g'olib, Romni mag'lub/Obama's victory, Romney's concession
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:27 0:00


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG