Breaking News

Obama oldidagi birinchi vazifa Kongress bilan til topishish


Prezident Barak Obama Kongress a'zolari bilan
Prezident Barak Obama Kongress a'zolari bilan
Prezidentlikka qayta saylangan Barak Obama soliq va byudjetga oid dolzarb muammolarni hal qilish uchun Kongress bilan hamkorlik qilishga majbur. Vakillar Palatasi respublikachilar nazorati ostida ekan, bu ishni silliq amalga oshirish amri mahol.

Obama va Kongress, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:16 0:00
Yuklab oling

Prezident va qonunchilar kelasi salkam ikki oyda kelishib olmasa, 1-yanvardan boshlab mudofaa va boshqa sohalarda hukumat xarajatlari qisqarib, soliqlar avtomatik ravishda ko’tarilishi mumkin. Tomonlar sobiq prezident Jorj Bush davrida qabul qilingan soliq imtiyoziga oid qonunni saylovlargacha yangilashga ulgurmagan edi.

O’tgan asrning 30-yillaridan beri eng katta moliyaviy bo’hronga yuz tutgan dunyoning eng yirik iqtisodiyoti hozir sekin bo’lsa-da, yana rivojlanish yo’liga o’tgan.

Iqtisodchilarning aytishicha, agar soliqlar oshib, hukumat xarajatlari qisqarsa, mamlakat yana moliyaviy inqirozga yuz tutishi mumkin.

Demokrat prezident Obama va Vakillar Palatasidagi respublikachilarning o’jarligi sabab soliq va davlat sarfiyatlariga doir qator masalalar so’nggi ikki yildan beri yechimsiz qolmoqda.

Cheksiz tortishuvlarga barham berish maqsadida yanvar oyidan chorani avtomatik ravishda kuchga kiritishga kelishilgan. Soliqlarning oshib, xarajatlarning kamayishini hech bir partiya vakillari xohlamaydi, shu sabab, deydi kuzatuvchilar, masala yil oxirigacha hal bo’lishiga umid bor.

Demokratlar va respublikachilarning soliqlar bo’yicha qarashlari keskin farq qiladi. Muxolifat soliq imtiyozi beruvchi qonunning uzaytirilishini istaydi.

Prezident esa yiliga 250 ming dollardan ko’p daromad qiluvchi amerikaliklarni bunday imtiyozlardan mahrum qilmoqchi.

Vakillar Palatasiga qayta saylangan respublikachi spiker Jon Beynerning aytishicha, odamlar uni qayta saylash orqali soliqlarning ko’tarilishiga qarshi ekanini bildirgan.

“Amerikaliklar iqtisodiyotimizni rivojlantiradigan, ish o’rinlari yaratadigan, kichik biznes ishini yengillashtiradigan choralar tarafdori”, - dedi respublikachilarning Kongressdagi sardori.

AQSh davlat qarzi ham borgan sari oshishda davom etmoqda. Agar qarz 16 trillion dollardan oshsa, qo’shimcha pul olish uchun hukumat Kongressdan ruxsat olishi kerak.

Obama keyingi bir necha yillar davomida davlat qarzini kamaytirishga doir reja ishlab chiqqanini aytadi. Ammo uni amalga oshirish uchun, avvalo, Kongressdagi muxolifat qarshiligini bartaraf etishi lozim bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG