Virjiniya shtati, Aleksandriya shahrida qonunchilar beysbol mashqiga yig'ilgan paytda bir kishi otishma boshlagan. To'rt odam, jumladan, respublikachi kongressmen Stiv Skaliz jarohatlangan.
Prezident Tramp bu kunga rejalangan barcha yig'inlarini bekor qildi. Vakillar palatasidagi tinglovlar to'xtatildi.
"Qarashlarimizda farq bo'lishi mumkin, ammo bunday musibatli kunda birdam, hamjihat bo'lishimiz kerak", - dedi prezident.
Qonunchilar Virjiniyada Kongressning payshanba kungi beysbol o'yini oldidan mashq qilayotgan bo'lgan. Bir asrlik an'ana bu. Kongressmenlarning aksariyati "Respublikachi" deb yozilgan maykalarda bo'lgan.
Arizonadan senator Jeff Fleyk otishma paytida o'sha yerda edi. Kongressmen Stiv Skaliz jarohatlanganini, maydondan sudrala-sudrala chiqqanini ko'rgan.
Guvohlar bir necha bor o'q uzilganini, maydondagi politsiyachilar bunga javoban o't ochganini aytadi. O'sha payt xavfsizlik xizmati xodimlari yon-atrofda bo'lgani uchun ham talafotlar u qadar katta emas. Kongressmen Skaliz ko'zga ko'ringan qonunchilardan bo'lgani uchun xos soqchilari yonida bo'lgan.
Otishma boshlagan shaxs, Jeyms Xojkinsonni politsiya otib o'ldirgan. U ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan yozuvlarida Tramp va uning jamoasini yo'q qilishga da'vat etgan.
Mamlakat siyosiy jihatdan nihoyatda tarqoq bir pallada Kongress a'zolarining otib ketilishi qurol ustida bahslarni yanada avj oldirishi mumkin.
Virjiniyadan demokrat qonunchi Terri Makoliff mamlakatda, ko'cha-kuyda qurol-aslaha to'lib ketganini tanqid qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5