So'nggi bir yilda dunyoning aksar o'lkalarida oshkoralik darajasi tushib, korrupsiya ko'lami oshgan. Yulg'ichlikka qarshi targ'ibot olib boruvchi, Berlinda asoslangan "Transparency International" tashkiloti shunday xulosa qilmoqda.
Yangi hisobotda mamlakatlardagi poraxo'rlik darajasi 0 dan 100 ballgacha belgilanadi. Yuqori ball korrupsiya darajasi pastligini ko'rsatadi, jumladan, Daniya (90), Yangi Zelandiya (90), Finlyandiya (89), Shvetsiya (88) va Shvetsariyada (86).
Jami 176 davlatdagi ahvol o'rganib chiqilgan.
Ro'yxatning eng quyi pog'onasidan o'rin olgan besh davlat - Somali (10), Janubiy Sudan (11), Shimoliy Koreya (12), Suriya (13) va Yaman (14).
Hisobotga ko'ra, o'tgan bir yilda Markaziy Osiyoda korrupsiya bilan kurash bobida katta o'zgarishlar kuzatilmagan. Mintaqa hamon korrupsiya botqog'ida yashamoqda. Mamlakatingiz 50 balldan past olgan bo'lsa, poraxo'rlik jiddiy muammo ekanidan dalolat beradi.
"Transparency International" jadvalida O'zbekiston va Turkmaniston 21 va 22 ball bilan Markaziy Osiyo bo'yicha quyi pog'onalarni egallagan - har ikkisida bu ko'rsatkichlar o'tgan yilga qaraganda biroz yaxshiroq. Tojikiston 25, Qirg'iziston 28 va Qozog'iston 29 ball oldi.
Aytish joiz, O'zbekistonning yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev 3-yanvar kuni korrupsiyaga qarshi kurash to'g'risida yangi qonun imzolagan edi. Sobiq prezidentning qizi Gulnora Karimovaga tegishli deb gumon qilingan va G'arb davlatlarida muzlatilgan 1 milliard dollarga yaqin mablag' yuzasidan sud ishari davom etmoqda.
Oshkoralikni eng muhim talab deb biluvchi xalqaro tashkilot ijtimoiy tengsizlik va korrupsiya o'zaro bog'liq ekaniga e'tibor qaratadi. Ro'yxat quyidan o'rin olgan davlatlarda huquq-tartibot va sud tizimlariga ishonch past, byudjet mablag'lari o'zlashtirilgani bois aholi oddiy xizmatlardan mahrum, yulg'ichlikka qarshi qonunlar esa faqat qog'ozda, deyiladi hisobotda.
BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a'zosi orasida Britaniya eng yuqori baho oldi - 81. Undan keyingi pog'onada Qo'shma Shtatlar (74), Fransiya (69), Xitoy (40) va Rossiya (29).