Jahon banki O'zbekistonga kredit bermasin, deya undamoqda huquq tashkilotlari

  • Amerika Ovozi

Jahon bank prezidenti Jim Yong Kim. Bank Vashingtonda asoslangan xalqaro tashkilot bo'lib, asosiy maqsadi davlatlarga taraqqiy etishda yordamlashish, quyi foizda qarzlar berib, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishda hissa qo'shish.

O'zbekistonda majburiy mehnatga chek qo'yish uchun kurashayotgan "Paxta kampaniyasi" (Cotton Campaign) nomli xalqaro guruh va Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" (HRW) huquq tashkiloti Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim va ijrochi direktorlariga murojaat qilib, respublika qishloq xo'jaligida tub islohotlar boshlanmas va konkret o'zgarishlar qilinmas ekan, unga moliya ajratishdan foyda yo'q, deya kredit ajratmaslikka undamoqda.

Guruh xavotiri shuki, fuqarolarini zo'rlab paxtaga olib chiqadigan, korrupsiya chuqur ildiz otgan davlatda xorijdan kelgan mablag' maqsadga muvofiq ishlatilmaydi va majburiy mehnatga asoslangan paxta sanoatiga yo'naltirishi mumkin.

Ayni damda Jahon banki O'zbekiston uchun ikki loyihani ko'rib chiqmoqda. Biri Qoraqalpog'iston janubida suv ta'minotini yaxshilash. Ikkinchisi esa respublikada bog'dorchilikni rivojlantirish va shu tariqa qishloq xo'jaligida paxtadan boshqa sohalarni ham kengaytirish.

O'zbekiston hukumati paxta majburiy mehnat emas, hashar orqali teriliadi deb keladi. Bolalarni majburan ishlatish qonunan man etilgan va o'tgan yillarda terimga ular kamroq sonda jalb etilgani kuzatiladi.

Lekin yuqori sinf o'quvchilari, kollej va oliygoh talabalari hamda davlat muassasalari xodimlari terimga olib chiqiladi. Bu hashar emas, ekspluatatsiya, deydi inson huquqlari himoyachilari.

O'zbekistonda bolalar mehnatiga qarshi qonunlar qabul qilingan, deydi HRW vakili Stiv Swerdlov (Steve Swerdlow), lekin amaliyotga kelganda, vaziyat og'ir.

Davlat oq oltinni yig'ishtirib olishda ataylab tekin va arzon mehnat kuchidan foydalanadi; hosil huzurini doimiy bosim ostida ishlaydigan paxtakor emas, mansabdorlar va hukumatning eng yuqori pog'onalarida o'tirganlar ko'radi, deya bildiradi "Paxta kampaniyasi".

Oq oltin davlat buyrug'iga ko'ra va uning mutlaq nazorati ostida yetishtiriladi. O'tgan yili paxta terimini kuzatgan Xalqaro mehnat tashkiloti va hatto Jahon banki nazarida ham majburiy mehnat O'zbekistonda katta muammo.

Bank inspektorlari 2013-yilda bitgan hisobotlarda yangi loyihalarga ajratilgan moliya nomaqbul maqsadlarga ishlatilishi mumkinligi yuzasidan xavotir bildirgan, deya qayd etiladi "Paxta kampaniyasi" xatida.

O'zbekiston hukumati yuqoridagi tanqidni inkor etib, shuni ta'kidlab keladiki, qishloq xo'jaligida tub islohotlar amalga oshirilmoqda va ular davom etadi.

Jahon banki "Paxta kampaniyasi" xatiga javob bermagan. Har bir loyihaga ajratilgan har bir dollar hisob-kitob qilinadi, mablag' qayoqqa ketayotgani tekshiriladi, deydi xodimlar.

"Paxta kampaniyasi" vakillari fikricha esa yulg'ich tuzumda bank o'ta ehtiyotkorlik bilan yondashishi kerak.