Shinjonlik faol “Jasoratli ayol” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi

  • Amerika Ovozi

Sayragul Sauytbay, sovrin egalaridan biri. 4-mart, 2020-yil

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo dunyoning turli burchaklaridan jami 12 nafar ayolni “Jasoratli ayol” xalqaro mukofoti bilan taqdirladi. AQSh birinchi xonimi Melaniya Tramp mukofotlarni o’z egalariga topshirdi. Bu yilgi taqdirlanganlar orasida asli xitoylik qozoq millatiga mansub Sayragul Sauytbay ham bor.

Mazkur mukofot yer yuzida tinchlik, adolat, gender tengligi bo’yicha jasorat, qahramonlik ko’rsatgan ayollarga beriladi. Birinchi marta 2007-yilda tashkil etilganidan beri dunyoning 73 mamlakatidan jami 134 ayolga taqdim etilgan.

Xitoyning Shinjon-uyg'ur viloyatida tug’ilib o’sgan, tibbiyot universitetida tahsil olgan, shifokor va o’qituvchi Sayragul Sauytbay 2016-yilda Qozog’istonga oilasi bilan qochishga urinadi. Lekin yo’lda Xitoy kommunistik partiyasi buyrig’i bilan pasporti olib qo’yilib, qayta o’qitish lageriga jo’natiladi.

2018-yilda Sayragul Sauytbay yana qochishga jasorat topadi. U Shinjondagi musulmonlarga qarshi repressiv siyosat, qayta tarbiyalanish lagerlarida saqlanayotgan musulmonlarning tahqirlanishi va qiynoqqa solinishi haqida ochiq gapirgan kam sonli jasur ayollardan biri.

Mukofotga sazovor bo’lgan afg’onistonlik Zarifa G’afforiy ham ana shunday kam sonli shijoatkor ayollardan. Asosan uy bekalik bilan shug’ullanuvchi afg’on ayollari ichida birinchilardan bo’lib mamlakatda ayollarga mo’ljallangan radiostansiya tashkil etgan. 26 yoshida Vardak viloyatining markazi – Maydan shahri hokimligiga tayinlangan.

Hokim sifatida endi ish boshlagan kezlari erkak olomon tomonidan quvg’inga uchrab, hatto o’lim tahdidlari bilan ham yuzlashgan. Shunday bo’lsa-da, jasur ayol faoliyatdan to’xtamadi. Bugun u Afg’onistondagi ko’plab ayollarga o’rnak.

Zarifa G'afforiy, sovrindorlardan biri

Mukofotning bu yilgi sohibalari ichida Ozarbayjondan Shahlo Humbatova, Pokistondan Jalila Haydariy, shuningdek, Suriya, Yaman, Boliviya, Burkina-Faso, Malayziya, Nikaragua, Zimbabve mamlakatlaridan ham qahramon ayollar bor.