AQShdagi namoyishlar koronavirus tarqalishini tezlashtirishi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Chikago shahrida joylashgan Shimoli-g’arbiy universitetning Global salomatlik instituti direktori Robert Myorfining aytishicha, koronavirus pandemiyasi paytida mamlakat bo’ylab bo’layotgan ommaviy namoyishlar virus tarqalishini tezlashtiradi.

“Bu kasallikning siyosat bilan ishi yo’q. U odamdan odamga yuqadi. Ko’chaga chiqqan har bir odam o’zini xavf ostiga qo’ymoqda”, - deydi u.

Har kuni shahar aholisiga murojaat qilayotgan Chikago meri Lori Laytfut ham shu haqda gapirdi. Martdan beri karantinda bo’lgan bu shaharda cheklovlar namoyishlarga qaramasdan yumshatilgan.

“Xavf haqiqiy. Hali-beri hayotimizdan yo’qolmaydi. Nafaqat o’zingizni, balki atrofingizdagi, xonadoningizdagi odamlarni himoya qilish uchun ehtiyot choralarini ko’rishga majbursiz. COVID-19 infeksiyasini yuqtirish xavfi kuchaydi”, - dedi hokima.

“Ortga qarab ketyapmiz. Virusni nazoratga olish o’rniga hozir u yo tekis yo yuqoriga qarab ketadi. Nima bo’lganda ham jadvaldan chiqib ketyapmiz”, - deydi doktor Myorfi.

Namoyishlar paytida zo’ravonliklar va vayronagarchiliklar xavfi sabab Illinoys shtati Sog’liqni saqlash boshqarmasi koronavirus test markazlarini vaqtincha yopishga qaror qildi. Buning oqibatida test natijasi ijobiy bo’lgan odamlarni bundan xabardor qilish kechiktirilib, tibbiy mutaxassislarning virus tarqalishini kuzatish salohiyatiga ta’sir qildi.

“Albatta, axir test ko’lami pasaydi, odamlar ko’chaga chiqishga qo’rqyapti. Shahar markaziga yaqinlashib bo’lmayapti. To’polonlar hamma joyda kuzatilyapti”, - deydi Robert Myorfi.

Chikagodagi Rash universitetida tibbiyot fanlari dotsenti, yuqumli kasalliklar bo’yicha mutaxassis Maykl Linning aytishicha, namoyishlarning virus tarqalishiga ta’siri hali-beri ma’lum bo’lmaydi.

“Buning ta’sirini 1-2 haftalarda ko’ramiz. Infeksiyaning inkubatsiya davri odatda shuncha. Keyin alomatlari yuzaga chiqib, odamlar tibbiy yordamga muhtoj bo’ladi”, - deydi mutaxassis.

Biroq Lin virus tarqalishi cheklangan bo’lishi mumkin, deya umid qilmoqda.

“Virusni nazoratga olish nuqtai nazaridan ichkaridan ko’ra tashqarida bo’lgan ma’qulroq. Chunki aksariyat hollarda virus bilan zararlanish yaxshi shamollatilmagan xonalarda ko’proq ro’y beradi. Tashqarida esa shamol bor joyda virus tarqalish xavfi katta emas. Quyosh, ultrabinafsha nurlar virusni o’ldirishi mumkin. Infeksiya tarqalishini bashorat qilish qiyin”, - deydi Maykl Lin.

Ko’plab namoyishchilarning yuzida niqob ko’rish mumkin. Bu virus tarqalishini cheklashi mumkinmi?

Doktor Myorfining aytishicha, virus tarqalmasligi uchun hammada niqob bo’lishi kerak.