Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot - Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi (CPJ) Markaziy Osiyoga safarini boshlayotgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga maxsus murojaat bilan chiqib, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekistonda matbuot erkinligiga jiddiy e'tibor qaratishni so'ramoqda.
Kerri kelasi bir necha kun ichida besh respublikada bo'lib, rahbarlar bilan uchrashishi kutilmoqda. Bu jamiyatlarda, deya eslatmoqda xalqaro qo'mita, jurnalistlarning huquqlari muntazam ravishda poymol etiladi.
Tanqidchilarning ovozi o'chiriladi; axborot oqimiga to'siq qo'yilgan; TV, radio, gazeta va jurnallar hamda onlayn nashrlarning xodimlari tinimsiz bosim ostida. Bu mamlakatlarda jurnalistik vazifasini bajarish xavf bilan yuzlashish demakdir.
O'zbekiston, Qirg'iziston va Turkmanistonda kamida olti nafar jurnalist panjara ortida. Ular asossiz qamalgan, aybi - hukumatni tanqid qilgani, deya bildiradi Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi.
Muxolifat gazetasiga muharrirlik qilgan Muhammad Bekjonov va Yusuf Ruzimurodov O'zbekistonda 1999-yildan beri, Qirg'izistonda etnik muammolarni ko'tarib chiqqan Azimjon Asqarov esa 2010-yildan beri qamoqda. Ularga soxta ayblovlar qo'yilgan va adolatsiz sudlar hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan, deya Davlat departamenti hisobotlarida ham qayd etiladi.
Jon Kerri senatorlik paytida ham, hozir bosh diplomat sifatida ham matbuot erkinligi uzviy huquq deb keladi. Shunday ekan, Markaziy Osiyoga tashrif mobaynida bu masalalarni ko'tarmaslik vijdonsizlik bo'ladi, deydi huquq faollari.