Qrim tatarlari: Ukrainada yashaymiz, Rossiya bosqini noqonuniy

Ruslar Qrim ruslarniki desa, tatarlar bu bizning asl vatanimiz, deydi

Qrim tatarlari bu o’lka parlamentinining Rossiya tarkibiga qo’shilish haqidagi qarorini tan olmayapti. Tatarlarni birlashtirgan organ - Milliy Majlis 16-martga ko’chirilgan referendumni boykot qilishga chaqirgan. Rossiya harbiylari nazorati ostida qolayotgan Qrimda mahalliy tatarlarning aytishicha, rusparast kuchlar tomonidan turli pravokatsiyalar uyushtirilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Qrim tatarlari Ukrainada yashamoqchi, Rossiya bosqiniga qarshi


Milliy Majlis raisi o’rinbosari Narimon Jalilov:

“Bugun Qrim parlamenti Rossiya tarkibiga qo’shilish, 16-mart kuni borada referendum o’tkazish haqida qaror qabul qildi. Bizning nazarimizda bu mutlaqo mantiqsiz, noqununiy qaror. Birinchidan, qonunchilikda mahalliy darajada referendum o’tkazish haqida band yo’q. Ikkinchidan, hududiy bo’linishga doir referendum faqat butun Ukraina miqyosida o’tkazilishi mumkin. Mantiqsizlikning yana bir jihati, parlament Qrimni Rossiya tarkibiga qo’shib olishni so’rab, Rossiya prezidentiga murojaat qilishga qaror qilgan. Rossiya tarkibiga qo’shilish haqidagi qarorni o’zi referendum o’tkazishga ehtiyoj qoldirmaydi. Milliy Majlis nafaqat tatarlarni, balki barcha ongli fuqarolarni bunday noqonuniy referendumni boykot qilishga chaqiradi”.

Narimon Jalilov deydiki, Qrim Rossiya harbiylari nazorati ostiga o’tishi ortidan bu bosqinga qarshi bo’lgan qrim tatarlariga nisbatan bosim kuchaygan.

“So’nggi vaziyat taranglikni yanada kuchaytirgan. Oddiy odamlar tahlikada, qo’rquv ostida yashahsmoqda. Bu tahlika nafaqat Rossiya harbiy qo’shinlari nazorati, balki mahalliy guruhlarni bu harbiylarga ishongan holda tajovuzni oshirayotgani bilan ham bog’liq. Bugun bu guruhlar qrim tatarlariga nisbatan yoki boshqa aholiga nisbatan har qanday bosqinni amalga oshirishga shay turishibdi. Yollangan bu guruhlardan har narsani kutsa bo’ladi ”, - deydi Narimon Jalilov.

Qrimda vaziyat qaltis ekan, matbuotda qrim tatarlari yashayotgan uylarga noma’lum guruhlar tomonidan belgilar qo’yib ketilayotgani haqida xabarlar ham chiqdi.

Narimon Jalilovga ko’ra, qandaydir bezori guruhlar ehtimol tahlika va vahima uy’gotish maqsadida qrim tatarlari yashaydigan ayrim uylarga shunday belgilar qo’ygan, ammo buni ommaviy deyishga asos yo’q.

“Ehtimol bu shunchaki oddiy bezorilikdir, ammo Qrimdagi hozirgi tarang vaziyatda bunday chiqishlar albatta tahlika uy’gotadi”, - deydi u.

Qrim tatarlarining yagona umidi xalqaro jamoatchilikdan, bosqinni boshqa kuch to’xtata olishiga ishonch kam.

“Faqat kuchli xalqaro bosimgina janob Putinni o’z rejasidan voz kechishga majbur qilishi mumkin. Xalqaro hamjamiyat Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytrishi lozim. Rossiya Qrimni bosib olish o’ziga nihoyatda qimmatga tushishini anglab yetmas ekan, bosqin rejasidan voz kechmaydi”, - deydi Narimon Jalilov.

Rossiya harbiylari Qrim parlamentini ishg’ol qilishi ortidan tuzulgan yangi hukumat Kiyev tomonidan ham, Qrimni asl vatan deb hisoblovchi tatarlar tomonidan ham tan olinmaydi. Qrimni Ukraina tarkibida qolishi tarafdori bo’lgan Milliy Majlis uchun yangi hukumat va parlament tomonidan e’lon qilinayotgan qarorlar noqonuniy.