Breaking News

Qrim tatarlari Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishi tarafdori


Mustafo Jemilov, Qrim tatarlari yetakchisi.
Mustafo Jemilov, Qrim tatarlari yetakchisi.
Ukrainadagi namoyishlarni qo’llab kelayotgan Qrim tatarlari Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik tarafdori. Qrim tatarlar yetakchisi Mustafo Jemilov so’zlariga ko’ra, siyosiy va iqtisodiy qaramligini isbotlagan prezident Viktor Yanukovich hukumati ozchilik elatlar huquqini himoya qilolmaydi.

Qrim tatarlari Ukrainaning Yevropa ittifoqiga kirishi tarafdori/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:11 0:00
Yuklab oling

Qrim tatarlari Ukrainada 21-noyabrdan buyon davom etayotgan “Yevromaydon”ning faol ishtirokchilaridan. Kiyev maydonida namoyishchilar ko'targan bayroqlar qatoridan bu elat bayrog’ini ko'rasiz.

“Hozirgi jarayonlar Qrimda tatarlar bilan bog'liq vaziyatga juda o’xshash. Qrimda ukrainlar bilan hamfikr aholi qatlamini asosan qrim-tatarlar tashkil etadi. Shuning uchun bizning xalqimiz Ukrainada bo’layotgan voqealardan chetda turmaydi. Biz shu jamiyatning bir qismimiz, o’z so’zimizni aytib, namoyishlarni qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi namoyishchilardan biri.

Qrim tatarlari yetakchisi, Rada deputati Mustafo Jemilov so'zlariga ko’ra, Ukrainaning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini qo’llab kelgan jamoa bugun ham old qatorda.

“Umuman qrim-tatarlar avvaldan Ukrainadagi milliy ozodlik va demokratik kuchlar tarafdori bo’lib kelishgan. Hali Sovet ittifoqi qulamasidanoq huquq himoyachilari Ukrainada ozodlik harakatini qo’llab kelishgan. Biz Ukrainadagi zarg’aldoq inqilobida ham faol ishtirok etdik” - deydi Jemilov.

U namoyishlar davomida Kiyevdagi maydonda nutq so’zladi. Mamlakat kelajagi bugun maydonda hal bo’layotgani haqida gapirdi.

“Maydondagi chiqishimda qrim-tatar xalqi bir-ikki provokatorlarni hisobga olmaganda, to’lig’icha maydonni qo’llab-quvvatlayotgani haqida gapirdim. Yevropa tanlovi bizning xalqimiz manfaatini ham himoya qilishini aytdim. Agar milliy ozchilikni tashkil etuvchi tub aholi masalasi, jumladan, bizning muammomiz ham Yevropa qadriyatlariga ko’ra yechilsa, kelajakdan xavotirlanmasak bo’ladi. Ukraina hukumati esa qo’shni davlatlar qo’lida o’yinchoq ekanini ko’rsatdi. Bugun maydonda Ukraina taqdiri hal bo’layapti – mamlakat Yevropadagi demokratik davlatlar safida bo’ladimi yoki qo’shni davlatning qaramida qoladimi? Men yana o’z chiqishimda Kreml tomonidan 1930-yillarda Ukrainada uyushtirilgan ocharchilik ham aynan ukrainlarning ozodlik harakatini yo’qotish uchun rejalanganini eslatib o’tdim”, - deydi Jemilov.

Ukraina
Ukraina

Kiyevda “Yevromaydon” namoyishlari davom etar ekan, prezident Viktor Yanukovich Vladimir Putin bilan uchrashdi. Muzokaralar natijasida Rossiya Ukrainaga gaz ta’minoti bo’yicha imtiyoz va moliyaviy yordam ajratdi. Bu kelishuv Ukraina jamoatchiligida turli bahslarni yuzaga chiqardi.

“Prezidentlar o’rtasidagi bu kelishuv Ukraina mustaqilligi uchun tahdid tug'diradi degan qarashlar ham bor. Ammo maydondagi vaziyatga ta'sir qilishi qiyin, chunki g'alayon hukumat bosim yo’lini tanlaganidan keyin yana avjiga chiqdi. Qolaversa, hech kim zarg’aldoq inqilobi umidsizligi ortidan yana bunday namoyishlarni kutmagan edi. Yuz minglab odamlarning maydonga chiqib, rejimga nisbatan munosabat bildirishining o’z g’alaba”, - deydi Jemilov.

Ukrainadagi namoyishlar mamlakatni Yevropa tanlovi tarafdorlari va qarshilarga ajratgani ham kuzatiladi. Bu ayniqsa Qrim muxtor respublikasi misolida bilinadi. Qrim aholisi, tatarlarni va boshqa milliy ozchilikni inobatga olmaganda, asosan qarshilardan iborat.

Qrimda “Yevromaydon” faollariga nisbatan uyushtirilgan hujumlar ham qayd etildi. Qrim hukumati, deputatlari ham Yanukovich va Rossiya tomonda ekanini namoyon etib kelishadi.

Qrim-tatar bayrog'i
Qrim-tatar bayrog'i

“Muxtor respublika aholisining katta qismini o’z vatanidan badarg’a qilingan qrim-tatarlari uylariga ko’chirib kelingan ruslar tashkil etadi. Ular tatarlar badarg’a qilinishini hozirgacha oqlab kelishadi. Ular uchun Stalin hamon qahramon. Ehtimol, bunday yondashuv hech bir sababsiz qirim-tatarlarga tegishli uylar bosib olinganini bir qadar yengillashtirar. Bunday munosabatdan esa mahalliy hukumat ham xoli emas”, - deydi Mustafo Jemilov.

Ukrainadagi namoyishlar 21-noyabrda Viktor Yanukovich Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik shartnomasini imzolashdan bosh tortishi ortidan boshlangan edi.

“Yevromaydon” nomini olgan bu chiqishlarda istiqbolini Yevropa doirasida ko’rishni istagan yuz minglab ukrainaliklar qatnashdi. Ittifoq siyosatchilari, jumladan, AQSh rasmiysi Jon Makkeyn ham Ukraina xalqini qo’llab chiqish qilishdi.

“Yevromaydon” tashkilotchilari namoyishlarning davomli bo’lishini ta’kidlamoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG