Qrim tatarlari Obamaga yordam so’rab murojaat qildi

Qrim tatarlari AQSh prezidenti Barak Obamadan himoya so’ramoqda. Milliy Majlis rahbari Refat Chubarov Obamaga yo’llagan ochiq xatida Qrimda etnik urush ehtimolini bartaraf etish uchun keskin pozitsiyada turishga chaqiradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qrim tatarlari Obamaga yordam so’rab murojaat qildi/Malik Mansur


Qrim tatarlari o’z vatanlarining Rossiya tarkibiga qo’shib olinishi deportatsiyani boshdan kechirgan millat uchun ulkan fojeaga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Refat Chubarov ochiq xatida Rossiya harbiylari nazorati ostidagi Qrim falokat yoqasida turganini ta’kidlar ekan, yarim orolda etnik to’qnashuvlar boshlanib ketishidan qattiq xavotirda ekanini aytadi.

“Sizga va AQSh hukumatiga o’z ehtiromimni bildirar ekanman, Qrimning minglab aholisini sizga, boshqa davlat rahbarlariga nisbatan murojaatini yo’llamoqchiman.
Kim va qachon Qrimdagi taranglikni yumshatadi, aholi hayotiga nisbatan xavfni bartaraf etadi? Kim va qachon Qrimda tomonlar to’qnashuvi natijasida alanga olishi mumkin bo’lgan etnik xunrezliklarni oldini oladi?”, deyiladi maktubda.

Refat Chubarov AQSh prezidentidan Qrimdagi minglab aholi hayotini saqlab qolish uchun keskin pozitsiyada bo’lishni so’raydi.

Qrimning Rossiya tarkibiga o’tish ehtimolini surgunni boshdan kechirgan tatarlar fojea sifatida baholashadi. 8-mart kuni ularning bir guruhi Kiyev maydonida norozilik aksiyasi o’tkazib, Rossiya harbiylari Qrimdan ketishini va Qrim Ukraina tarkibida qolishini talab etishdi.

Norozilik aksiyasi tashkilotchilaridan biri Server Sodiqov O’zbekistondan ko’chib kelgan tatarlardan. U Rossiya imperializmi yana kuchayganidan qattiq tashvishda.

“Qrim tatarlari Rossiya zulmi nima ekanligini boshqalardan ko’ra yaxshiroq bilishadi. Men shu zulm bois O’zbekistonda tug’ildim, ammo bundan qat’i nazar men O’zbekistonni sevaman, hozirgacha yaxshi eslayman. Bugungi aksiyadan maqsad Qrim tatarlari irodasini ko’rsatish, chunki Rossiya imperializmini to’xtatish qiyin. Shuning uchun ham biz maydonga chiqayapmiz. Dunyo jamoatchiligini ogohlikka chaqirayapmiz. Qrimdagi vaziyat qaltis qolmoqda, birdaniga harbiylar bostirib kirishini, davlat idoralari, ko’chalar qamal qilinishini nima deb atash mumkin, ehtimol terrorchilik”, - deydi Server Sodiqov.

Aksiya ishtirokchilaridan biri Rustem Skibin rassom, etnografiya bilan ham shug’ullanadi.

Rustem Skibin

“So’nggi voqealardan o’ta xavotirdamiz, vaziyat juda yomon. Biz so’nggi 20 yil mobaynida mashaqqat bilan tiklay boshlagan milliy madaniyatimizdan ham ayrilishimiz mumkin. Men Qrim tatarlari ijodkorlari taqdiridan xavotirdaman. Qrimda hozir harbiy holat, okkupatsiya. Qrim tatarlari o’zlarini Rossiya tarkibida tasavvur qila olishmaydi, ular bunga qat’iy qarshi. Qrim tatarlari okkupatsiyaga qarshi turgan asosiy kuch ekanligi esa ular taqdirini yanada xavotirli qilmoqda. Bugun Qrimni Rossiya tortib olishi xavfi yuqori, sovet deportatsiyasini boshdan kechirgan tatarlar uchun bu katta fojea”, - deydi Skibin.

Rossiya parlamenti Qrimni federatsiya tarkibiga qo’shib olishga tayyorligini bildirgan. Buning ortidan yarim oroldagi rusparast guruhlar bosqini kuchaydi, Ukrainaga qarashli harbiy bo’linmalar ham ishg’ol qilinmoqda.

So’nggi xabarlarga ko’ra, Qrimda Ukraina televideniyesi faoliyati to’xtatilgan, ularning o’rnini Rossiya telekanallari egallamoqda.